Tadbirkorlar diqqatiga! Peshlavhalar endi reklama hisoblanmaydi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda tadbirkorlik sub’ektining nomi va faoliyat turi to‘g‘risida binoga joylashtirilgan axborot uchun tegishli pasportlarni rasmiylashtirish bekor qilinishi mumkin. Bu haqda bugun, 5 may kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev tanishgan ishlab chiqarish korxonalari faoliyatini barqarorlashtirish hamda tadbirkorlarni o‘ylantirayotgan muammoli masalalarni hal etish yuzasidan taqdimotda so‘z boradi.

Qayd etilishicha, tadbirkorlik sub’ektlarining peshlavhalari va brend belgilarini joylashtirish, umumiy ovqatlanish va savdo ob’ektlari uchun ayrim ma’muriy talablar, mehnat munosabatlaridagi tartib-taomillar, naqd pulsiz to‘lovlar, soliq imtiyozlarini qo‘llash, moliyaviy jarimalar, tashqi iqtisodiy faoliyatdagi hujjatbozlik kabi masalalar muhokama qilingan.

Amaldagi tartibga ko‘ra, ayrim hollarda korxona nomi, faoliyat turi yoki savdo belgisi aks etgan peshlavhalar ham reklama sifatida baholanib, ular uchun alohida pasport rasmiylashtirish va to‘lovlarni amalga oshirish talab etilmoqda. Bu tadbirkorlar uchun qo‘shimcha ma’muriy yuk bo‘lishi bilan birga savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlarining tanilishi, mijozlar oqimi va tushumiga ham ta’sir ko‘rsatmoqda.

Shu munosabat bilan tadbirkorlik sub’ektining nomi va faoliyat turi to‘g‘risida binoga joylashtirilgan axborotni reklama sifatida baholamaslik va buning uchun tegishli pasportlarni rasmiylashtirishni bekor qilish taklif etilgan. Reklamalar va boshqa axborot belgilarini joylashtirishga doir dizayn talablarini tadbirkorlar takliflarini inobatga olgan holda bosqichma-bosqich joriy etish, yuridik shaxslarga tegishli transport vositalariga o‘z savdo belgisini joylashtirish tartibini soddalashtirish tashabbusi ilgari surilgan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning mart oyidan boshlab Toshkent shahridagi reklama va peshlavhalarni majburiy demontaj qilish ishlari boshlangan edi. Bu poytaxtning dizayn-kod talablari bilan bog‘liq. 

Joriy yilning 25 aprel kuni Biznes-ombudsman Toshkent shahar kengashining “Dizayn-kodi” to‘g‘risidagi qarorini qayta ko‘rib chiqish yuzasidan xulosa kiritdi. Unga ko‘ra, o‘rganish natijasida hujjatning ayrim bandlari amaldagi qonunchilikka zid ekanligi aniqlangan. Xususan, “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi qonun talablariga ko‘ra, tadbirkorlik faoliyatiga ta’sir etuvchi loyihalar Biznes-ombudsman bilan majburiy tartibda kelishilishi lozim. Biroq ushbu qaror bakil bilan kelishilmasdan qabul qilingan.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Peshlavha

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing