Peruda ming yillik mumiyolar topildi
Bu qiziq
−
23 noyabr 2023
5156Peruda har biri ming yoshdan oshgan beshta mumiyo, shuningdek, eramizdan avvalgi 3500-yillarga oid zinapoyalar topildi. Bu haqda “Andina” agentligi xabar berdi.
Arxeologlar topilmalarni Lima provinsiyasidagi Rimak daryosi yaqinida aniqlagan. Huaka-La Florida arxeologik yodgorligi hududida ish olib borayotgan arxeologlar, ehtimol, to‘rt nafar bola va bir katta yoshli kishining mumiyolangan jasadlarini topgan. Ularning barchasi Inkalardan oldin mavjud bo‘lgan qadimgi Manchay madaniyatiga tegishli, degan versiya mavjud.
Qayd etilishicha, o‘sha davrda yashagan odamlar quyosh chiqayotgan tomonga qaragan "U" shaklidagi ibodatxonalar qurgan va qurbonliklar keltirgan.
Bundan tashqari, mumiyolardan unchalik uzoq bo‘lmagan joyda miloddan avvalgi 3500 yilga oid zinapoya topilgan. Qazish joyiga Peru Madaniyat vaziri Lesli Urteaga ham borgan.
Vazirning aytishicha, mumiyolar qo‘shimcha o‘rganish uchun joriy yilning oxirigacha topilgan joydan olib tashlanadi. Qayd etilishicha, arxeologlar mumiyolar bilan birga dafn marosimi bog‘lamlarida topilgan to‘qimalarning tarkibiy qismlarini tahlil qilishni rejalashtirmoqda.
“Endilikda mahalliy xizmatlar qazish ishlari olib borilgan maydonni yomg‘irdan va yomon ob-havoning boshqa oqibatlaridan himoya qilish ustida ishlamoqda”, deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, joriy yilning iyul oyida Peruda qadimiy "kuylovchi" raqs maydonchasi topilgan. Uning o‘ziga xosligi shaklidadir: u shunday yasalganki, uning ustida harakatlanganda baraban chalishni eslatuvchi tovush paydo bo‘ladi. Qazishmalar shuni ko‘rsatdiki, platforma to‘rt qatlamdan iborat. Zarba tovushini yaxshilash uchun quruvchilar turli materiallar bilan tajriba o‘tkazdilar. Argentinadagi Buenos-Ayres universiteti Madaniyat instituti arxeologi Kevin Leynning aytishicha, raqs maydonchasi marosimlar uchun ishlatilgan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Peruning San-Kristobal-de-Uamanga milliy universitetining tadqiqotchilari Ayakucho mintaqasidagi Vilkas-Xuaman provinsiyasida joylashgan Pallavcha-Pampa tekisligida inson qoldiqlari bo‘lgan yettita qabrni topgandi. Meksika Kongressida esa Perudagi arxeologik qazishmalar paytida topilgan o‘zga sayyoraliklar deb taxmin qilingan jasadlar namoyish etilgandi.
LiveBarchasi