Peruda ikkita zilzila sodir bo‘ldi. Qurbonlar bor
Olam
−
20 iyul 1567 2 daqiqa
Peruning tog‘li hududida yuz bergan ikkita zilzila oqibatida kamida 6 kishi halok bo‘ldi, 21 nafar inson jarohat oldi. Bu haqda mamlakat Fuqaro mudofaasi instituti rahbari ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, zilzilalar 19 iyul kechasi Xunin viloyatining Chupaka provinsiyasida, poytaxt Limadan taxminan 300 kilometr sharqda sodir bo‘lgan. Peru Milliy seysmologiya markazi ma’lumotiga ko‘ra, birinchi yer silkinishi 5,1 magnitudada, ikkinchisi esa 3,7 magnitudada qayd etilgan.
Markazning bildirishicha, birinchi zilzila 24 kilometr, ikkinchisi esa 18 kilometr chuqurlikda yuz bergan. Yevropa–O‘rtayer dengizi seysmologiya markazi esa birinchi zilzilaning magnitudasini 5,6 deb baholagan.
Peru Milliy fuqaro mudofaasi instituti rahbari Luis Vaskes “Exitosa” radiostansiyasiga bergan intervyusida dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 48 ta uy butunlay vayron bo‘lgani, yana 18 tasi shikastlanganini bildirgan. Bu hodisa taxminan 300 nafar aholiga ta’sir ko‘rsatgan bo‘lib, ularga vaqtinchalik yashash uchun chodirlar ajratilmoqda.
Chupakadagi zarar ko‘rgan aholi punktlaridagi uylar asosan xom g‘ishtdan qurilgan sodda inshootlardan iborat. Vaskesning aytishicha, qutqaruvchilar va yong‘in xavfsizligi xizmatlari vayronalarni tozalash ishlarini boshlagan. Qutqaruvchilar vayronalar ostida yana jabrlanganlar qolgan bo‘lishi mumkinligidan xavotirda.
Ma’lumot uchun, Peru Tinch okeanning “Olov halqasi” deb ataluvchi seysmik faol hududida joylashgan bo‘lib, dunyodagi yer silkinishlarining taxminan 85 foizi aynan shu mintaqada sodir bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Meksikaning Tinch okeani sohillari yaqinida 7,4 magnitudali zilzila sodir bo‘lgandi.