Pentagonning Ukraina uchun mablag‘lari 30 dekabrda tugaydi – “Bloomberg”
Olam
−
19 dekabr 2023
3923Pentagon AQSH Kongressi Ukrainaga qo‘shimcha mablag‘ ajratishni ma’qullamasa, uning Kiyevga yordam berish imkoniyati 30 dekabrda tugashi haqida ogohlantirdi. Bu haqda AQSH Mudofaa vaziri o‘rinbosari, moliyaviy masalalari uchun mas’ul vakil Maykl Makkordning maktubiga tayanib, “Bloomberg” agentligi xabar berdi.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, 15 dekabr kuni Makkord qonunchilarga so‘nggi 1,07 milliard dollar mablag‘ AQSH arsenallarini to‘ldirish uchun yangi qurollar sotib olishga sarflanishini aytgan.
"Ushbu pullar ishlatilganidan so‘ng vazirlik Ukrainaga harbiy yordam uchun mablag‘ ajratishni tugatadi", deyiladi maktubda.
Pentagon prognozlariga ko‘ra, bu 30 dekabr kuniga to‘g‘ri keladi.
Oq uy Milliy xavfsizlik kengashining strategik aloqalar bo‘yicha koordinatori Jon Kirbi kecha, 18 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan brifingda Qo‘shma Shtatlar dekabr oyida Kiyevga navbatdagi harbiy yordam paketini jo‘natishini, shundan so‘ng mablag‘ tugashini tasdiqlagan.
Kirbining ta’kidlashicha, mablag‘larning bir qismi Ukrainaga Amerika omborlaridan yuborilgan narsalarni to‘ldirish uchun sarflanadi. Uning aniqlik kiritishicha, AQSH Mudofaa vazirligi yo‘qolgan qurol va jihozlarni amerikalik ishlab chiqaruvchilardan sotib oladi.
Ma’lumot uchun, AQSH Prezidenti ma’muriyati oktyabr oyida Kongressga 2024-moliya yilida (1 oktyabrdan boshlangan) qo‘shimcha byudjet mablag‘larini ajratish bo‘yicha so‘rov yuborgan. Bu, birinchi navbatda, Isroil va Ukrainaga yordam ko‘rsatish, shuningdek, Osiyo-Tinch okeani mintaqasida Xitoy va Rossiyaga qarshi kurashga tegishli. Umuman olganda, Demokrat Prezident Jo Bayden boshchiligidagi AQSH ijroiya hokimiyati ushbu maqsadlar uchun taxminan 106 milliard dollar olishni istaydi. So‘rov va muqobil qonun loyihalarining keyingi taqdiri so‘roq ostida qolmoqda. Chunki Vakillar palatasi va Senatdagi bir qancha respublikachilar Kiyevga moliyaviy yordamni davom ettirishga ochiqchasiga qarshi chiqmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 12 dekabr kuni AQSH Prezidenti Jo Bayden Ukrainaga 200 million dollarlik yangi harbiy yordam paketini tasdiqlagandi. AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken esa AQSH Prezidenti tomonidan tasdiqlangan yangi harbiy yordam paketi, agar AQSH Kongressi Kiyev ehtiyojlari uchun qo‘shimcha mablag‘ ajratishga rozi bo‘lmasa, oxirgi paketlardan biri bo‘lishi mumkinligini aytdi. 13 dekabr kuni AQSH Senati mamlakatning 2024 moliya yiliga mo‘ljallangan mudofaa byudjetini 886,3 milliard dollar miqdorida ma’qulladi. Mudofaa byudjeti loyihasida Ukrainaga harbiy yordam uchun 300 million dollar ajratilgan.
LiveBarchasi