Pentagon rahbari Ukrainaga katta sovg‘a bilan keldi
Olam
−
21 noyabr 2023
14327Kecha, 20 noyabr kuni AQSH Mudofaa vaziri Lloyd Ostin Ukrainaga yetib borgandi. Uning Kiyevga tashrifi chog‘ida Ukrainaga yangi harbiy yordam paketi e’lon qilindi. Bu haqda Pentagon saytida xabar berildi.
Qo‘shma Shtatlardan 100 million dollarlik yangi yordam paketi quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
- bitta HIMARS raketa artilleriya tizimi va qo‘shimcha o‘q-dorilar;
- Stinger zenit-raketa tizimlari;
- 155 mm va 105 mm kalibrli artilleriya snaryadlari;
- TOW tankka qarshi boshqariladigan raketalar;
- Javelin va AT-4 tankka qarshi tizimlari;
- 3 milliondan ortiq o‘q-dorilar.
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy kechki chiqishida Lloyd Ostin bilan uchrashgani va u bilan frontdagi vaziyat, shuningdek, artilleriya va snaryadlarni yetkazib berish zarurati muhokama qilganini aytgan.
O‘z navbatida, Ostin Ukraina Prezidenti bilan "jang maydonidagi shoshilinch ehtiyojlarni qo‘llab-quvvatlash va uzoq muddatli mudofaa ehtiyojlarini" muhokama qilganini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, 16 noyabr kuni AQSH Prezidenti Jo Bayden Ukraina va Isroilga yordam mablag‘ ajratishni o‘z ichiga olmagan federal byudjetni vaqtincha moliyalashtirish to‘g‘risidagi qonun loyihasini imzolagandi. Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy oktyabrda Falastin-Isroil mojarosi boshlanganidan beri Ukrainaga 155 mm artilleriya snaryadlarini yetkazib berish kamayganini aytgandi. Shuningdek, u G‘arb davlatlari Ukrainani qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatsa, mamlakat Qurolli kuchlari chekinishga majbur bo‘lishini ta’kidlagandi.
LiveBarchasi