Pentagon Markaziy Osiyo davlatlari AQSHdan nima kutayotganini ochiqladi

Olam

image
0:00
0:00
download

Markaziy Osiyo davlatlarining bir qator davlatlari AQSH bilan aloqalarni davom ettirishdan manfaatdor. Bu mintaqa davlatlariga Rossiya hamda Xitoy bilan o‘zaro munosabatlarda alternativ vazifasini o‘taydi. AQSH Markaziy qo‘mondonligi rahbari Kennet Makkenzi kecha, 28 sentyabr kuni Kongress Senatining Qurolli kuchlar qo‘mitasida Afg‘onistondan Amerika kontingentini olib chiqish shartlari haqidagi eshituvda shunday fikr bildirdi.

Makkenzi Qo‘shma Shtatlar Afg‘onistonga boshqa davlatlar ta’sirining kuchayishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun qanday choralar ko‘rayotgani haqidagi savolga javob berar ekan, o‘tgan hafta Qozog‘iston poytaxti Nur-Sultonda bo‘lganini esladi. Makkenzining so‘zlariga ko‘ra, u maslahatlashuvlarda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Tojikiston va Qirg‘iziston vakillari bilan uchrashgan. 

Makkenziga ko‘ra, ular Afg‘onistonda Ashraf G‘ani hukumati qulaganidan keyin mamlakat qay ahvolda bo‘lishini muhokama qilgan.

"Umuman olganda, ular (Markaziy Osiyo davlatlari – tahr.) Amerika bilan aloqalari avvalgidek bo‘lishini xohlaydilar. Negaki ular (AQSH – tahr.) Rossiya va Xitoy o‘rnini bosuvchi bo‘lishini istaydi. Afsuski, geografik joylashuvi tufayli ushbu mamlakatlar Rossiya va Xitoy bilan muomala qilishga majbur. O‘ylashimcha, bizning mintaqadagi sheriklarimiz, hattoki, Afg‘onistonni tark etgan bo‘lsak-da, AQSH ulardan yuz o‘girmasligini ko‘rsatishini xohlaydilar”, deydi Makkenzi.

20 yil deganda Afg‘onistonni tark etgan AQSH

2001 yili Nyu-Yorkda terakt (terrorchilik harakati) amalga oshirildi. Shundan so‘ng, AQSH va u a’zo bo‘lgan NATO kuchlari Afg‘onistonga qo‘shin kiritdi. Shu bilan Amerika tarixida eng uzoq davom etgan 20 yillik afg‘on urushi boshlandi. Kichik Jorj Bush, Barak Obama va Donald Tramp kabi AQSH Prezidentlari ushbu urushni yakunlay olmadi. Faqat Prezident Bayden davriga kelib Afg‘onistondan mamlakat qo‘shinlarini olib chiqib ketish boshlandi. Bu jarayon joriy yilning 31 avgust kuni yakunlandi. 

Afg‘onistondagi vaziyat

Afg‘onistonni bir yirik kuch tark etishi ortidan boshqa bir kuch — “Tolibon” mamlakat hududlarini egallay boshladi. Qayd etish kerakki, AQSH qo‘shinlarining Afg‘onistonni tark etishi oxiriga yetmay turib, “Tolibon” mamlakat poytaxti Qobulni egalladi. 15 avgust kuni Afg‘oniston Islom Respublikasini qulatgan toliblar 19 avgust kuni Afg‘oniston Islom Amirligi tuzilganini  e’lon qildi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Markaziy Osiyo

Baholaganlar

194

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing