Afg‘oniston: Respublika endi yo‘q. “Tolibon” mamlakatni Amirlik, deb e’lon qildi
Olam
−
19 avgust 2021
22791Bugun, 19 avgust kuni Afg‘oniston mustaqilligi e’lon qilinganiga 102 yil to‘ldi. Aynan shu sanada, “Tolibon” Afg‘oniston Mustaqillik kuni munosabati bilan deklaratsiya e’lon qildi. Bu haqda “Tolibon” harakatining rasmiy vakili Zabihulloh Mujohid o‘zining Twitter’dagi sahifasida ma’lum qilgan.
Zabihulloh Mujohid o‘z akkauntiga “Mamlakatning Britaniya imperiyasi mustamlakasidan ozod bo‘lganining 102 yilligi munosabati bilan Afg‘oniston Islom Amirligining deklaratsiyasi” deb yozilgan hujjatning havolasini joylashtirgan. Bu toliblar Afg‘onistonda hokimiyatni qo‘lga olganidan keyin qabul qilgan ilk rasmiy hujjat.
“Afg‘onlar o‘z mamlakati bugun Amerika istilosidan mustaqil bo‘lish arafasida ekanidan juda mamnun. Bu barcha afg‘onlar minnatdor bo‘lishlari kerak bo‘lgan ilohiy ne’matdir. Biz mamlakatimizda birdamlik va samimiylik bilan islomiy tizim manfaatlari yo‘lida ishlashimiz kerak. Shuningdek, bu qayta qurish va davlatning gullab-yashnashi uchun ham xizmat qilishi kerak.
Bundan 102 yil oldin, afg‘on mujohidlari [ozodlik kurashchilari] sakson yillik qarshilik natijasida Britaniya mustamlakachiligidan mustaqillikka erishdilar. Britaniya imperiyasining afg‘on mujohidlari qo‘lidan qulashi asrning eng buyuk hodisasi, deb hisoblandi va dunyoning boshqa ko‘plab xalqlari mustamlakachilik kishanidan qutqarildi”, deyiladi hujjatda.
Shu bilan birga, Britaniya imperiyasi bilan bir qatorda SSSR ustidan ham g‘alaba qozonganini ta’kidlagan.
Ma’lumot uchun, Afg‘oniston Mustaqillik kuni – 1919 yilda Angliya-Afg‘oniston shartnomasi imzolanishi munosabati bilan 19 avgustda nishonlanadigan milliy bayram. Bu bitimga muvofiq Buyuk Britaniya nihoyat Afg‘oniston davlatining mustaqilligini tan olgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 15 avgust kuni Afg‘oniston Islom Respublikasi quladi. Prezident Ashraf G‘ani esa iste’foga chiqqanini e’lon qildi. Shu bilan mamlakatda hokimiyat “Tolibon” qo‘liga o‘tdi.
2001 yil Afg‘onistonga kirgan AQSH boshchiligidagi xalqaro koalitsiya kuchlarining asosiy qismi mamlakatni tark etdi. G‘arb davlatlarining Qobulda qolgan kuchlari diplomatlarni va o‘zlariga yordam bergan afg‘onlarni evakuatsiya qilish bilan band. “Tolibon” siyosiy idorasi vakili Muhammad Naim Afg‘onistonda 20 yil davom etgan urush tugaganini e’lon qildi.
Hokimiyatga toliblar kelganidan keyingi dastlabki kunlarda Qobul aeroportida tartibsizlik hukm surdi: odamlar diplomatik xodimlarni mamlakatdan olib ketayotgan xorijiy samolyotlarga hujum qildi. Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, bir necha kishi samolyot bortidan yiqilib vafot etgan.
Durdona Pirnazarova
LiveBarchasi