AQSH, Britaniya va Kanada Eronga qarshi sanksiyalarni kengaytirmoqda

Olam

image

Eronning Isroilga raketa hujumiga javoban AQSH, Buyuk Britaniya va Kanada kecha, 25 aprel kuni Tehronga qarshi yangi sanksiyalar joriy qildi. Cheklovchi choralar birinchi navbatda dron savdosi va ularni ishlab chiqarishga qarshi qaratilgan.

AQSH Moliya vazirligi bayonotida 16 kompaniya, sakkiz jismoniy shaxs, beshta kema va bir samolyot Tehronga dronlarni sotib olish uchun ko‘rsatgan yordami munosabati bilan sanksiya qilinganini bildirgan.

Britaniya Tashqi ishlar vazirligi bayonotiga ko‘ra, to‘rt kompaniya va ikki shaxs Eron uchuvchisiz samolyotlarini ishlab chiqarishda ishtirok etgani uchun sanksiyaga uchragan. Bundan tashqari, dronlarni yaratishda qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan butlovchi qismlarni eksport qilishga qo‘shimcha taqiq joriy etildi. 

"Biz Eronning beqarorlashtiruvchi xatti-harakatlari uchun javobgarlarni javobgarlikka tortamiz", deydi Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vaziri Devid Kemeron.

Kanada esa ikki jismoniy va ikki yuridik shaxsni jazoladi. Mamlakat Tashqi ishlar vazirligining aniqlik kiritishicha, sanksiyalar G7 ittifoqchilari bilan kelishilgan holda kiritilgan.

Eron va Isroil ziddiyatining keskinlashuvi

1 aprel kuni Isroil Damashqdagi Eron konsulligi binosiga havo hujumi uyushtirdi. Hujum oqibatida Eron inqilobi qo‘riqchilari korpusining 7 nafar a’zosi halok bo‘ldi, ulardan ikki nafari general darajasida edi.

Eron Isroilning konsullikka hujumi o‘z hududiga qilingan hujum ekanini va u o‘ch olishini aytdi.

Isroil ham Eron hujumlariga javob berishini e’lon qildi.

14 aprelga o‘tar kechasi Eron Isroilga yuzlab kamikadze dronlari, ballistik va qanotli raketalar bilan hujum uyushtirdi va ba’zi harbiy nishonlarga zarba berilganini aytdi.

Isroil hujumlarning aksariyati havo hujumidan mudofaa tizimlari tomonidan to‘xtatilganini bildirdi, biroq bitta raketa mamlakat janubidagi harbiy bazaga tegdi.

19 aprel kuni ertalab Amerikaning ABC telekanali AQSH rasmiysiga tayanib, Isroil Eron hududidagi ob’ektga raketa zarbasi bergani haqida xabar berdi. CNN amerikalik mulozimga tayanib, bu hujum Isroilning 14 apreldagi Eron hujumiga javobi bo‘lganini ta’kidladi.  

Eron matbuotida esa mamlakat shaharlariga hech bir davlat tomonidan hujum qilinmagani haqida xabar berildi. Eron Milliy kiberkosmik markazi vakili Husayn Daliryan X’dagi sahifasida Isfahon shahri osmonida urib tushirilgan uchuvchisiz samolyotlar respublika hududidan uchirilganini yozdi. Eron armiyasi qo‘mondoni general-leytenant Abdulrahim Musaviy Isfahon osmonida eshitilgan portlash havo hujumiga qarshi mudofaa tizimlarining noma’lum ob’ektlarga qarshi ishlashi natijasida sodir bo‘lganini aytdi. “Reuters” agentligi Eronning yuqori martabali mulozimiga tayanib, Eron o‘z hududiga qilingan hujumga hozircha javob qaytarmoqchi emasligini yozgan bo‘lsa, CNN Isroil va Eron bir-biriga qarshi yangi o‘zaro zarbalar berish niyatida emasligini xabar qildi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Eron Buyuk Britaniya Isroil Kanada

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made