Pentagon Eronga qarshi harbiy reja ishlab chiqdi
Olam
−
28 mart 2023
11119Pentagon Tehron yadroviy qurol ishlab chiqarishni davom ettirishga qaror qilgan taqdirda Eronga qarshi harbiy kuch ishlatishning bir qator variantlarini tayyorladi. Bu haqda bugun, 28 mart kuni AQSH Qurolli kuchlari shtab boshliqlari qo‘mitasi raisi, general Mark Milli ma’lum qildi.
“AQSH harbiylari Eron yadroviy kallak yaratishga qaror qilgan taqdirda milliy rahbariyat tomonidan ko‘rib chiqilishi uchun ko‘plab variantlarni ishlab chiqdi”, degan general AQSH Kongressi Senatining Qurolli kuchlar qo‘mitasidagi tinglovda.
Qo‘mondonning so‘zlariga ko‘ra, Eron yadroviy kallak ishlab chiqarish qobiliyatini yaxshilash choralarini ko‘rmoqda. Mamlakat yadroviy qurolni ishlab chiqishni davom ettirish qaroridan keyin ikki haftadan kamroq vaqt ichida bir jangovar kallak uchun yetarli yadroviy material ishlab chiqarishi mumkin. Keyin esa to‘g‘ridan-to‘g‘ri yadroviy kallak ishlab chiqarish uchun Tehronga atigi bir necha oy kerak bo‘ladi.
Shuningdek, general Milli Amerika siyosati Eronning yadroviy kallakka ega bo‘lishining oldini olishga sodiq qolish ekanini ma’lum qilgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 21 fevral kuni Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu Tel-Avivdagi Amerika-Isroil xavfsizlik konferensiyasida Eronni yadroviy qurol ishlab chiqarishdan tiyishning yagona yo‘li harbiy tahdid ekanini aytgandi. 24 mart kuni esa Pentagon Suriyadagi Eron kuchlariga havo hujumi uyushtirgandi. Bugun, 28 mart kuni esa Tehron yadroviy kelishuvdan chiqishni ko‘rib chiqayotgani ma’lum bo‘lgandi.
LiveBarchasi