Pensiya jamg‘armasi va “Xalq banki” pensionerlarga murojaat bilan chiqdi
Jamiyat
−
07 may 2020
20195O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi va AT “Xalq banki” pensiya va nafaqa oluvchilarga qo‘shma murojaat bilan chiqdi.
“Qadrli pensiya va nafaqa oluvchilar, hurmatli fuqarolar!
O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishini oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha respublika maxsus komissiyasi va Koronavirusning tarqalishiga qarshi kurashish chora-tadbirlarini muvofiqlashtirish va xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha maxsus shtabining qo‘shma yig‘ilishi bayoniga asosan, mamlakatimizda epidemiologik holat barqarorlashgunga qadar may oyidan pensiya va nafaqalarni to‘liqligicha bank kartalariga o‘tkazish orqali amalga oshirish chorasini ko‘rish bo‘yicha qaror qabul qilingan. Mazkur qarordagi ushbu vazifalar Pensiya jamg‘armasi va AT Xalq banki zimmasiga yuklatilgan.
Shu bois, joriy yilning may oyidan boshlab Toshkent shahri, Nukus shahri hamda viloyatlar markazlarida istiqomat qiluvchi pensiya va nafaqa oluvchilarga AT Xalq banki tomonidan bank kartalari to‘liq ochildi. O‘z navbatida, Pensiya jamg‘armasi tomonidan pensiya va nafaqalar uchun 1,4 trln so‘m miqdoridagi mablag‘lar to‘liq moliyalashtirib berildi.
Bir vaqtning o‘zida 480 mingdan ortiq pensiya va nafaqalarni bank kartalariga yuklanishi AT “Xalq banki”ning elektron axborot tizimida yuqori darajada yuklama keltirishiga sabab bo‘ldi. Ya’ni, Pensiya jamg‘armasi tomonidan har bir pensiya va nafaqa oluvchi to‘g‘risida yuborilgan fayllar “Xalq banki” serverlari bazasidagi fuqarolarga ochilgan karta ma’lumotlari bilan avtomatik tarzda solishtirilib, tasdiqlangandan so‘nggina pensiya va nafaqa mablag‘lari tegishli bank kartalariga o‘tkazildi.
Qolaversa, 2020 yil may oyining dastlabki kunlari dam olish kunlariga to‘g‘ri kelganligi bois pensiya pullari 4 may sanasidan boshlab bank kartalariga yuklanishi boshlandi.
Shuningdek, pensiya va nafaqa oluvchi barcha fuqarolarga bank kartalari fuqarolarning yashash manzillariga AT “Xalq banki”ning sayyor kassalari tomonidan oldingi pensiya tarqatish grafigi bo‘yicha yetkazib beriladi.
Mazkur bank kartalaridan fuqarolarning xohishiga ko‘ra sterillangan mablag‘lar naqdlashtirib beriladi.
Bunda bugungi kunga qadar fuqarolarga yetkazib berilgan bank kartalaridan ham mazkur grafikda belgilangan sanalarda naqdlashtirish imkoniyati bo‘ladi.
Pensionerlarning bank kartalaridan mablag‘larni naqdlashtirish uchun hech qanday haq olinmaydi.
Qayd etish zarurki, bank kartalarini fuqarolarning yashash manzillariga yetkazilishi holati o‘rganilganda, ba’zi tuman bo‘limlarida, pensiya va nafaqa oluvchilarga bank kartalarini tarqatishda fuqarolarning bir joyga to‘planish holatlari kuzatilmoqda.
Muhimi shuki, bank kartalari har bir pensioner va nafaqa oluvchining xonadoniga yetkazib berilishi ta’minlanadi.
Hurmatli pensiya va nafaqa oluvchilar!
Pensiya jamg‘armasi va AT “Xalq banki” yuqorida keltirilgan vaqtinchalik noqulayliklar uchun uzr so‘raydi.
Pensiya to‘lovlarini yetkazish bilan bog‘liq savollaringiz bo‘lsa, AT Xalq bankining - 1106 hamda Pensiya jamg‘armasining - 1140 “ishonch telefoni” orqali murojaat qilishingiz mumkin”, deyiladi qo‘shma murojaatda.
Eslatib o‘tamiz, Maxsus komissiyaning 14 apreldagi qarori bilan pensioner va nafaqaxo‘rlarning salomatligini saqlash maqsadida, shuningdek, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyalariga ko‘ra respublikadagi epidemiologik holat barqarorlashgunga qadar may oyidan pensiya va nafaqalarni to‘liqligicha plastik kartalarga o‘tkazish orqali amalga oshirish choralari ko‘rilishi belgilangandi.