Pelening laqabi “eng yaxshi” so‘zining sinonimi sifatida lug‘atga kiritildi
Sport
−
27 aprel 2023
5753Futbol afsonasi Pelening ismi Braziliyada portugal tili lug‘atiga “eng yaxshi” so‘zining sinonimi sifatida kiritildi. Bu haqda “CBS News” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, uning ismi lug‘atga sifat so‘z turkumidagi “beqiyos”, “o‘ziga xos”, “noyob” kabi so‘zlar o‘rnida ishlatish uchun kiritilgan.
Uch karra jahon chempioni o‘tgan yilning dekabr oyida yo‘g‘on ichak saratoni xastaligi bilan og‘rib, vafot etgandi. O‘shanda Braziliyada uch kunlik motam e’lon qilingan, APL o‘yinlari esa uning xotirasiga bir daqiqalik sukut bilan boshlangandi.
Endilikda Pelening nomi lug‘atlarga ham kiritiladi. Bu haqdagi qaror 125 mingdan ortiq imzo yig‘gan.
Braziliyaning portugalcha izohli lug‘atida “Pele” so‘ziga shunday ta’rif beriladi:
“G‘ayrioddiyligi yoki o‘zining sifati, qadr-qimmati yohud ustunligi tufayli Pelega o‘xshab hech narsaga yoki hech kimga tenglasha olmaydigan kishi; barcha davrlarning eng yaxshi sportchisi hisoblangan Edson Arantes du Nasimento (1940-2022) laqabi; istisno, beqiyos, noyob. Misollar: U basketbolning Pelesi, u tennisning Pelesi, u Braziliya teatrining Pelesi, u tibbiyotning Pelesi”