Pekin kechagi voqealar fonida Putinni qo‘llashini bildirdi
Olam
−
25 iyun 2023
14184Pekin kecha, 24 iyun kuni sodir bo‘lgan voqealar munosabati bilan Rossiya rahbariyati tomonidan ichki vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlarni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Bu haqda bugun, 25 iyun kuni Rossiya TIV matbuot xizmati ma’lum qildi.
Rossiya Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Andrey Rudenko Xitoy Tashqi ishlar vazirligi rahbari Sin Gang va uning o‘rinbosari Ma Chjaoxu bilan Pekinda uchrashuv o‘tkazgan. Rossiya tomoni uchrashuv yuzasidan bayonot e’lon qilgan.
“Xitoy tomoni Rossiya Federatsiyasi rahbariyatining 24 iyun voqealari munosabati bilan mamlakatdagi vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi hamda Rossiyaning hamjihatligini mustahkamlash va yanada gullab-yashnashidan manfaatdor ekanligini tasdiqladi”, deyiladi Rossiya TIV bayonotida.
Xabarda aytilishicha, vazir o‘rinbosarlari darajasidagi maslahatlashuvlar kun tartibida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin tomonidan muzokaralar chog‘ida qo‘yilgan ikki tomonlama hamkorlikni har tomonlama rivojlantirish bo‘yicha vazifalarni amalga oshirish bilan bog‘liq masalalar bo‘lgan.
Shuningdek, vazir o‘rinbosarlari Rossiya Federatsiyasi Bosh vaziri Mixail Mishustinning 23-24 may kunlari Xitoyga rasmiy tashrifi chog‘ida hukumat rahbarlarining kelishuvlarini amalga oshirishning borishi muhokama qilgan.
Tomonlar Rossiya-Xitoy munosabatlarining hozirgi holatiga yuqori baho berib, ularni izchil mustahkamlash uchun birgalikda ishlashga tayyor ekanliklarini tasdiqladi. Ikki tomonlama munosabatlarning ishonchli ekanligi ta’kidlanib, hamkorlikni kengaytirish uchun keng ko‘lamli salohiyat mavjudligi qayd etilgan.
2023 yilning ikkinchi yarmiga mo‘ljallangan siyosiy aloqalar jadvali atroflicha ko‘rib chiqilib, Moskva va Pekin o‘rtasida tashqi siyosatni muvofiqlashtirish va ko‘p tomonlama platformalarda hamkorlikni yanada rivojlantirish yuzasidan fikr almashilgan.
Vazirlikning qo‘shimcha qilishicha, Xitoy poytaxtida bo‘lishi doirasida A.Yu.Rudenko, shuningdek, XXR hukumatining Koreya yarim oroli bo‘yicha maxsus vakili Lyu Syaomin bilan alohida muzokaralar o‘tkazishi hamda Rossiya xalqaro ishlar kengashi va Xitoy ijtimoiy fanlar akademiyasi tomonidan har yili tashkil etiladigan "Rossiya va Xitoy: yangi davrda hamkorlik" 8-xalqaro konferensiyada ishtirok etishi rejalashtirilgan.
LiveBarchasi