Pedofil Epshteyn o‘zbekistonlik qizni 3 yil davomida xo‘rlagan
Tahlil
−
16 may 10851 6 daqiqa
Pedofil Epshteyn yana bir o‘zbekistonlik qizdan g‘arazli maqsadlarda foydalangani ma’lum bo‘ldi. Jabrlanuvchining o‘zi hammasini aytib berdi. AQSH Kongressida tashkil etilgan tinglovlardan so‘zga chiqqan o‘zbekistonlik ayol milliarder Jeffri Epshteyn tomonidan 18 yoshidan boshlab 3 yil davomida muntazam ravishda zo‘rlanganini ma’lum qildi. Eng e’tiborlisi, ayolning so‘zlariga ko‘ra, Epshteyn 2009 yilda voyaga yetmaganlarni jinsiy ekspluatatsiya qilishda ayblanib, bunday qabih ishlarini uy qamog‘ida bo‘lgan vaqtida davom ettirgan. Jabrlanuvchi ayol AQSH Adliya vazirligi tomonidan e’lon qilingan mashhur "Epshteyn fayllari"ni ham keskin tanqid qildi.
Uning ta’kidlashicha, pedofil jinoyatchining mashhur va boy mijozlarining ismlari yashirilgan, biroq u kabi oddiy qurbonlarning shaxsi ochiq qoldirilgan.
Xo‘sh, o‘zbekistonlik ayol Epshteyn tuzog‘iga qanday tushib qolgan? Milliarderning sirli jinoyatlari va uning fayllarida hali ochilmagan yana qanday tafsilotlar bor? Bugun aynan shu haqda gaplashamiz.
Epshteyn qurbonlari orasida yana bir o‘zbekistonlik ayol ham bor
Yillar davomida dunyo elitasining jirkanch sirlarini o‘zida yashirib kelgan "Epshteyn ishi"ning yangi va dahshatli tafsilotlari ochilmoqda. Uning jinoyatlaridan omon qolgan va shartli ravishda “Roza” nomi bilan so‘zga chiqqan o‘zbekistonlik jabrlanuvchi ayol ilk bor AQSH Kongressidagi tinglovlarda moliyachi uy qamog‘i davrida sodir etgan zo‘rlashlar haqida ommaviy ravishda so‘zlab berdi. Vakillar palatasining Nazorat qo‘mitasidagi demokratlar ushbu tadbirni Florida shtatining Uest-Palm-Bich shahrida o‘tkazdilar.
Rozaning aytishicha, hammasi modellik karerasining va’dasi bilan boshlangan. 2008 yili u 18 yoshda bo‘lgan vaqtida Epshteynning hamtovog‘i, rasman “modellar bo‘yicha agent” sifatida faoliyat olib boruvchi Jan-Lyuk Bryunel bilan tanishadi. Ko‘p o‘tmay, Bryunel uni moliyaviy yordam beradi deb Jefri Epshteyn bilan tanishtiradi. Bryunel qizga porloq model karerasini va’da qiladi. Biroq “orzulardagi hayot” ortida shafqatsiz ekspluatatsiya rejasi yashiringan edi. 2009 yilda AQSHda bo‘lib turgan Roza Epshteynning Uest-Palm-Bichdagi uyida u bilan uchrashadi. Hammasi shundan boshlanadi. Buni qarangki, o‘sha vaqtda milliarder voyaga yetmaganlarga jinsiy ekspluatatsiya qilish ayblovi bilan uy qamog‘ida bo‘lgan. Rozaning bergan ko‘rsatmalarida, iqtisodiy qiynalgan oiladan chiqqanligi uni Bryunelning oson o‘ljasiga aylantirganini aytadi.
“Bir kuni uning massajchisi meni Epshteynning xonasiga chaqirdi va u yerda birinchi marta Jeffri tomonidan shilqimlikka duch keldim. Keyingi uch yil davomida men tizimli ravishda zo‘rlanib keldim”, deydi Roza tinglovda.
Adliya vazirligi avvalroq “jabrlanuvchilarni himoya qilishga juda jiddiy yondashishini” va hujjatlar noto‘g‘ri tahrirlangani sababli, shaxsi ochiqlangan jabrlanuvchilar xabar berganidan so‘ng, saytdan Epshteynga tegishli bir qator materiallarni olib tashlaganini bildirgan. Vazirlik xatolar “texnik yoki inson omili” sababli yuz berganini qayd etgan.
Kongressmen Robert Garsiya tinglovlar aynan Floridada – Epshteynning jinoyatlari “ilk bor ma’lum bo‘lgan joyda” o‘tkazilganini aytgan. Demokratlar Epshteynga yillar davomida javobgarlikdan qochish imkonini bergan AQSH adliya tizimiga nisbatan savollar hamon ochiq qolayotganini ta’kidlagan.
Tinglov davomida Epshteynning yana bir qurboni – Mariya Farmer ham so‘zga chiqqan. U ilk bor 1996 yilda jinoyatlar haqida xabar berganini, ammo o‘shanda huquq-tartibot idoralari hech qanday chora ko‘rmaganini aytgan.
Epshteyn oroliga o‘z xohishi bilan borgan o‘zbekistonlik qiz
Epshteyn qurbonlari orasida so‘zga chiqqan Roza birinchi O‘zbekiston fuqarosi emas. Bundan oldin Epshteyn bilan o‘z xohishiga ko‘ra munosabatga kirishgan va undan yaxshigina foydalangan Samarqandlik qiz haqida shov-shuvli xabarlar tarqalgan edi. Epshteyn fayllarida aniqlangan yozishmalarga ko‘ra, samarqandlik qizning o‘zi Epshteynni izlab topgan va u bilan doimiy ravishda xat yozishib turgan. QALAMPIR.UZ e’lon qilingan hujjatlar bilan tanishar ekan, muloqot dastlab 2010 yilda qayd etilgani, qiz og‘ir muhitda yashashi, bo‘yi baland bo‘lishiga qaramay, vazni 35 kg ekanligi, noqulay sharoitlar tufayli kuniga 2 mahal ovqatlanishi, qizning tishlarini sog‘lomlashtirish uchun briketlar kerakligini Epshteynga yozganini aniqladi. Qiz vaqti-vaqti bilan qurilayotgan suv omborlari, O‘zbekiston va bu yerdagi muhit haqida ham unga ma’lumotlar berib turgan. U o‘z yozishmalarida ota-onasining kaltaklaridan charchaganini, bu yerda yomon nom qozonganini, odamlarning yashash sharoiti og‘irligini bayon etgan.
Shuningdek, u Malayziya yoki Amerikaga borib, u yerda o‘qish istagi borligini, o‘z hayotini o‘zgartirmoqchi ekanligini, model bo‘lishga harakat qilayotganini va buning uchun katta miqdorda pul kerakligini yozdi. Shundan so‘ng, Epshteyn unga xarajatlari va aviachiptalari uchun pul yuboradi. Pedofil shaxsning ushbu qiz bilan bog‘liq 231 ta yozishmasi oshkor etilgan. Ularda qiz Epshteynga sevgi izhorlari va sog‘inchli maktublar yo‘llab turgan. Va undan doimiy ravishda xarajatlari uchun pul olganligi ma’lum bo‘ladi. O‘zbekistonlik qiz Epshteyn tomonidan yuborilgan chiptalardan tashqari jami 25 ming dollarga yaqin miqdorda pul olgan.
“Men sizni ko‘rishga muhtojman va sizga xat yozib, biror narsa so‘rashdan uyalaman, lekin menga sizning yordamingiz juda kerak. Biroz vazn orttirdim, bir oy oldin 38 kg edim, "Chet elga chiqish ongimni barqarorlashtirdi". Lekin pul tanqisligi tufayli, orzularimni amalga oshirolmayapman. Malayziyada ishlash uchun viza olishimga ruxsat berilmasada, men pul topish uchun harakat qildim. Oson pul topish uchun noto‘g‘ri yo‘lga qadam qo‘ya olmayman. Sizga sodiq bo‘lishni istayman, lekin bu yerda muammolarga duch keldim. Sizdan pul so‘rash men uchun qiyin, ammo men juda minnatdor bo‘lardim! Agar yordam bera olsangiz, men siz uchun qo‘limdan kelgan hamma narsani qila olaman. Tishlarimni tuzatsam va sizning oldingizga Parijga uchsam kifoya! Tish shifokori tishlarimni risoladagidek davolash uchun taxminan 3750 dollar kerakligini aytdi. Menda esa, buncha pul yo‘q. Jeffri, sizdan pul so‘rayotganim uchun ming bor uzr, biroq siz men uchun yagonasiz. Men sizni juda sog‘indim, yaxshi tilaklar bilan ko‘rishguncha deyman”.
Samarqandlik qiz o‘zi orzu qilgandek Parijda kinorejissyorlik kursini tamomlagan, shuningdek O‘zbekistondagi universitetlarni ham tugallab, hozirda Toshkent shahrida yashaydi. Tahririyat O‘zbekiston Respublikasining qonunlariga amal qilgan holda, shaxsga doir ma’lumotlarni oshkor ko‘rmaslikni afzal ko‘rdi.
Florida huquq-tartibot idoralari 2005 yilda Jeffri Epshteyn ustidan tergov boshladi. Bunga uning uyida massajchi sifatida ishlagan voyaga yetmagan qiz Epshteyn tomonidan jinsiy zo‘ravonlikka uchragani haqida oilasiga aytgani sabab bo‘ldi.
Tergovchilar 34 nafar jabrlanuvchining ko‘rsatmalari asosida 53 sahifalik ayblov xulosasini tayyorladi. Biroq keyinchalik federal prokurorlar Epshteynga «imtiyozli» kelishuv asosida jinoiy ta’qib qilinmaslikni taklif etdi. Bu unga federal darajadagi jinsiy savdo ayblovlaridan qochish imkonini berdi.
Natijada, Epshteyn voyaga yetmagan shaxsni fohishalikka jalb qilish kabi yengilroq — shtat miqyosidagi jinoyatga iqror bo‘ldi. U jinsiy jinoyatchi sifatida ro‘yxatga olindi va qurbonlarga tovon puli to‘ladi. Multimilliarder 18 oylik qamoq jazosining faqat 13 oyini okrug qamoqxonasida o‘tadi va unga «ishlash» imtiyozi berildi. Epshteyn 2019 yilning 10 avgust kuni jinsiy savdo ayblovlari bo‘yicha sud hukmini kutayotgan paytda kutilmaganda o‘z joniga qasd qilgani e’lon qilindi. Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, o‘lim sababi o‘zini osish sifatida qayd etilgan bo‘lsa-da, uning o‘limi uyushtirilgan degan taxminlar bor. Chunki, u o‘lgan tunda qamoqxonadagi videokuzatuv kameralari tasodifan ishlamay qolgan va xavfsizlik hamda nazorat jarayonlarida ko‘p nosozliklar qayd etilgan. Nima bo‘lganda ham o‘zini shaytonning ko‘zgusi sifatida ta’riflagan Epshteynning o‘limi ko‘plab jinoyatlarning barham topishiga sabab bo‘lgan. Buni esa butun dunyo, ayniqsa AQSH jamoatchiligi katta shaxslarning "muammodan qutulishi" deya baholagan.
Live
Barchasi