Pedofil amaldorlarga kam jazo bergan sudya jazolanadimi?

Intervyu

Urganch shahridagi 1-sonli oilaviy bolalar uyi tarbiyalanuvchilarini jinsiy zo‘rlaganlikda ayblanib, sudlangan Xorazm viloyat Adliya boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan A.Masharipov va Yangiariq tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i bo‘lgan A.Quryazovlarga yengil jazo tayinlangani tarmoqlarda muhokama bo‘ldi. Amaldorlar Jinoyat kodeksining 128-moddasi (o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish) 1-qismi va Jinoyat kodeksining eski tahrirdagi 128-1-moddasi (o‘n olti yoshdan o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan shaxs bilan moddiy qimmatliklar berish yoxud mulkiy manfaatdor etish orqali jinsiy aloqa qilish)da nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir qilganlikda aybli deb topilib, ularning har biriga 1 yilu 6 oydan ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.

Xorazm viloyati prokuraturasi jazoning yengilligi yuzasidan kiritgan protesti kassatsiya tartibida ko‘rib chiqilib, qanoatlantirildi va qaytadan appelyatsiya sudiga yuborildi. Xo‘sh, agar appelyatsiya sudida birinchi instansiya sudi noto‘g‘ri hukm chiqargani aniqlansa, hukm o‘qigan sudyaga nisbatan qanday jazo qo‘llaniladi? Bu savolga Oliy sud raisi o‘rinbosari Ikrom Muslimov javob berdi.

“Qaror qabul qilishda qasddan, ataylab, bila turib shunday hukm qilingan bo‘lsa, bu yerda javobgarlik masalasi kelib chiqadi. Lekin sudyaning qabul qilgan qarori qonun doirasida bo‘lsa, ya’ni aybdorning qilmishiga nisbatan yengil jazo berilgan bo‘lsa yoki qonunni bilmaslik, tajriba nuqati nazaridan xatoga yo‘l qo‘yilgan bo‘lsa, u intizomiy chora keltirib chiqarmaydi”, deydi Oliy sud raisi o‘rinbosari.

Muslimovning qo‘shimcha qilishicha, shu vaqtgacha adolatsiz hukm o‘qigani uchun jazolangan sudyalar bor. Shuningdek, ishida xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan sudyalarga ham intizomiy choralar ko‘rilgan.

Pedofil amaldorlar qissasi

Eslatib o‘tamiz, kuni kecha Xorazmda viloyat Adliya boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan Aybek Masharipov va Yangiariq tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i lavozimida ishlagan Anvar Quryazov viloyat Xalq ta’lim boshqarmasiga qarashli Urganch shahridagi 1-sonli oilaviy bolalar uyi rahbari Yu.X. bilan til biriktirib, Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilarini muntazam ravishda zo‘rlab kelgan. 

Holat Jinoyat ishlari bo‘yicha Xiva tuman sudida ko‘rib chiqilib, 2022 yil 6 sentyabrda hukm e’lon qilingan.

Unga ko‘ra, 1979 yilda Urganch shahrida tug‘ilgan, Xorazm viloyati Xalq ta’lim boshqarmasiga qarashli Urganch shahridagi 1-sonli oilaviy bolalar uyi rahbari bo‘lgan Yu.X. Jinoyat kodeksining 135-moddasi (odam savdosi) 3-qismi “a” bandi, 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 2-qismi “g” bandi va 209-moddasi (mansab soxtakorligi) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir qilganlikda aybli deb topilib, 1 yilga muayyan huquqdan, ya’ni davlat ishtirokidagi korxona, tashkilot, muassasalarda mansabdorlik va moddiy javobgarlik bilan bog‘liq vazifalarda ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 5 yilu 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

1979 yilda Nukus shahrida tug‘ilgan, Xorazm viloyati Adliya boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan A.M. (Aybek Masharipov) va 1984 yilda Yangiariq tumanida tug‘ilgan, Yangiariq tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i lavozimida ishlagan A.Q. (Anvar Quryazov) Jinoyat kodeksining 128-moddasi (o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish) 1-qismi va Jinoyat kodeksining eski tahrirdagi 128-1-moddasi (o‘n olti yoshdan o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan shaxs bilan moddiy qimmatliklar berish yoxud mulkiy manfaatdor etish orqali jinsiy aloqa qilish)da nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir qilganlikda aybli deb topilib, ularning har biriga 1 yilu 6 oydan ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.

A.M. va A.Q.ning himoyachisi hamda Yu.X. tomonidan kiritilgan apellyatsiya shikoyatlariga asosan ushbu jinoyat ishi apellyatsiya tartibida ko‘rib chiqilib, Xorazm viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasining 2022 yil 27 dekabrdagi ajrimiga ko‘ra, jinoyat ishlari bo‘yicha Xiva tuman sudining 2022 yil 6 sentyabrdagi hukmi bilan sudlanuvchilarga nisbatan tayinlangan jazo o‘zgarishsiz qoldirilgan.

Keyinchalik Adliya vazirligi holatga munosabat bildirib, xodimning  ishdan olingani, endilikda vazirlikka aloqasi yo‘q ekanini ma’lum qildi. FVV ham o‘z xodimi o‘tgan yili tergov ishlari olib borilayotgan vaqtda egallab turgan lavozimidan ozod etilganini aytib chiqdi.

O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari o‘rinbosari Komil Allamjonov pedofillarga nisbatan kimyoviy kastratsiya jazosini qo‘llash vaqti kelgani haqida ma’lum qildi. Prezident Administratsiyasi Ijro etuvchi apparatining Kommunikatsiyalar va axborot siyosati bo‘yicha sho‘ba mudiri Saida Mirziyoyeva ushbu holatni “xavotirli” deb atab, Bosh prokuratura sinchkovlik bilan tekshiruv o‘tkazishi kerakligini ta’kidladi.

 Bosh prokuratura tomonidan Xorazm viloyatidagi holat bilan bog‘liq jinoyat ishi bo‘yicha chiqarilgan sud hukmi va appelyatsiya instansiyasining ajrimlari qonuniyligi o‘rganilgan.  

29 mart kuni sudlangan A.Masharipov va A.Kuryazovlarga yengil jazo tayinlangani va boshqa holatlar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati kassatsiya instansiyasi sudiga protest keltirilgan.


Maqola muallifi

Teglar

amaldorlar Pedofil jinsiy zo'rlaganlik

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing