Pedagoglarga 20 va 50 foiz ustama to‘lab beriladigan sertifikatlar ro‘yxati tasdiqlandi
Jamiyat
−
31 iyul 2023
19293O‘zbekistonda 2023/2024 o‘quv yili davomida umumta’lim maktablarining pedagoglariga 50 va 20 foiz ustama to‘lab beriladigan sertifikatlar ro‘yxati tasdiqlandi. Bu haqda “Ta’lim nazorati” Telegram-kanalida xabar berildi.
Unga ko‘ra, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligining 2023/2024-o‘quv yilida ustama to‘lanadigan sertifikatlar ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risidagi qarori ma’qullangan.
Mazkur qarorda o‘tgan o‘quv yilidagi Sertifikatlar ro‘yxatiga bir qancha o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilishi ko‘zda tutilgan.
Ro‘yxatga yangidan qo‘shilgan yoki ustama to‘lash ballari o‘zgartirilgan sertifikatlar:
• GRE (Graduate Record Examinations) Quantitative Reasoning bali o‘zgartirilmoqda (155 ballga tenglashtirilgan o‘zgarish matematika, fizika, biologiya va kimyo fanlariga ham tegishli);
• Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan beriladigan Tarix, Geografiya hamda Boshlang‘ich ta’lim (Ona tili va adabiyot (O‘zbek tili va adabiyoti, Rus tili va adabiyoti, Qoraqalpoq tili va adabiyoti) yoki Matematika fanidan);
• Teaching English as a Foreign Language (TEFL);
• Teaching English as a Second Language (TESL);
• SAT subject score (yangidan qo‘shilmoqda matematika, fizika, biologiya va kimyo fanlariga tegishli);
• A levels (A) hamda Astrum Certified IT Educator (80) (Informatika va axborot texnologiyalari fanidan).
Eslatib o‘tamiz, 2021 yil sentyabrda Shavkat Mirziyoyev farg‘onalik saylovchilar bilan uchrashuv chog‘ida o‘qituvchilar maoshini 1 000 dollarga yetkazmaguncha to‘xtamasligini aytgan edi.
“Ochiq aytish lozim, biz bu zahmatkash, fidoyi insonlar oldida hali qarzdormiz. Shu boisdan ham, qanchalik qiyin bo‘lmasin, o‘qituvchilar mehnatini munosib rag‘batlantirish uchun bor kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etamiz. 2025 yilga borib, oliy toifali o‘qituvchilarning oylik maoshini ekvivalent hisobida 1 ming dollarga yetkazish choralari ko‘riladi.
Bu borada, avvalo, bog‘cha tizimini maktab ta’limi bilan uyg‘unlashtirish orqali bolalarimizni maktabga tayyorlash sifatini yanada yaxshilaymiz”, degan Prezident.
LiveBarchasi