Shavkat Mirziyoyev o‘qituvchilar maoshi qachon 1000 dollar bo‘lishini aytdi

Jamiyat

image

2025 yilga borib oliy toifali o‘qituvchilarning maoshi 1000 dollarga yetkaziladi. Xuddi shuningdek, oliy toifali shifokorlar oyligi ham 1000 dollarga yetkaziladi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasining qo‘shma majlisidagi nutqida aytib o‘tdi.

“Yurtimizda Uchinchi Renessans poydevorini barpo etish uchun bizga zamonaviy ilm va yana bir bor ilm, tarbiya va yana bir bor tarbiya kerak. Bugungi va ertangi kunimizni, yoshlarimiz taqdirini hal qiladigan yuksak malakali muallim va murabbiylar, professor-o‘qituvchilar, haqiqiy ziyolilar kerak.

Ochiq aytish lozim, biz bu zahmatkash, fidoyi insonlar oldida hali qarzdormiz. Shu boisdan ham, qanchalik qiyin bo‘lmasin, o‘qituvchilar mehnatini munosib rag‘batlantirish uchun bor kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etamiz. 2025 yilga borib, oliy toifali o‘qituvchilarning oylik maoshini ekvivalent hisobida 1 ming dollarga yetkazish choralari ko‘riladi.

Bu borada, avvalo, bog‘cha tizimini maktab ta’limi bilan uyg‘unlashtirish orqali bolalarimizni maktabga tayyorlash sifatini yanada yaxshilaymiz”, deydi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbari mamlakatning hamma hududlarida o‘nlab yangi-yangi maktabgacha ta’lim muassasalari barpo etilishini ham ta’kidladi.

“Barcha bog‘chalar har yili 2 million nusxadagi zamonaviy o‘quv adabiyotlari bilan ta’minlab boriladi.

Bog‘cha xodimlarining professional tayyorgarligi va mahoratini oshirib borish g‘oyat muhim ahamiyatga ega. Shu maqsadda tizimdagi 160 ming nafardan ziyod pedagog kadrlarning malakasi oshiriladi”, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Qayd etilishicha, bolalar soni o‘sib borayotganini inobatga olib, yangi maktablar qurish, mavjudlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga, sohaning barcha bosqichlari o‘rtasida uzviylikni ta’minlashga qaratilgan Milliy ta’lim dasturi ishlab chiqiladi.

“Maktabgacha ta’limdagi qamrov darajasini hozirgi 62 foizdan kamida 80 foizga, oliy ta’lim tizimida esa 50 foizga yetkazish, maktablarda ta’lim-tarbiya sifati va darajasini oshirishga biz birlamchi vazifa deb qaraymiz. 

Yangi oliy ta’lim muassasalarini tashkil etish bilan birga, talabalarni turar-joy bilan ta’minlash bo‘yicha boshlagan ishlarimizni jadal davom ettiramiz”, deya ta’kidladi Prezident.

Davlat rahbari aholi salomatligini ta’minlash bundan buyon ham bosh vazifa bo‘lib qolishini urg‘ulab shunday dedi:

“Ushbu sohaga yo‘naltiriladigan mablag‘larni 2 barobar oshirish, jumladan, kelgusi besh yilda oliy toifali shifokorlar maoshini ekvivalent hisobida 1 ming dollarga yetkazish mo‘ljallanmoqda”.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

1050

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing