Pedagog xodimning maqomini belgilovchi qonun loyihasi ishlab chiqildi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1 oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuniga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma’ruzasida ilgari surilgan o‘qituvchi va muallimlarning jamiyatdagi nufuzi va mavqeini oshirish kerakligini ta’kidlagandi. Davlat rahbarining shu tashabbusi ijrosi sifatida Adliya vazirligi tomonidan Xalq ta’limi vazirligi va Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan birgalikda “Pedagog xodimning maqomi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi.

Adliya vazirligining xabar berishicha, loyihaga ko‘ra, pedagog xodim deganda ta’lim tashkilotlarida (bog‘cha, umumta’lim maktabi, akademik litsey, kasb-hunar maktabi, kollej, texnikum, oliy va undan keyingi ta’lim muassasalari, malaka oshirish va qayta tayyorlash muassasalari) pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanuvchi jismoniy shaxslar tushuniladi.

Bugungi kunda mamlakatda birgina xalq ta’limi tizimidagi muassasalarning o‘zida yarim milliondan ortiq pedagog xodimlar faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, ushbu ta’lim muassasalarida 6,5 millionga yaqin o‘quvchilar ta’lim olib kelmoqda.

Pedagog xodimlarni ijtimoiy, huquqiy va moddiy qo‘llab-quvvatlash va ularga zarur shart-sharoit yaratish ta’lim va tarbiya jarayonining sifatini oshishida alohida ahamiyatga ega. Rivojlangan xorijiy davlatlarda ham pedagog xodimning huquqiy maqomi va ijtimoiy himoyasi qonun darajasida belgilangan.

Qonun loyihasida quyidagilar taklif etilmoqda:

•    pedagog xodimlarning sha’ni, qadr-qimmatini himoya qilish masalasida hamda mansabdor shaxslarning xatti-harakatlari ustidan sudga murojaat qilganida davlat bojini to‘lashdan ozod etish;
•    pedagog xodimni lavozim majburiyati va kasbiy faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga, yig‘ilishlar va boshqa tadbirlarga jalb qilishni taqiqlash;
•    pedagog xodimga umumiy belgilangan yoshdan besh yilga qisqartirilgan holda imtiyozli pensiya olish huquqini taqdim qilish;
•    pedagog xodim tomonidan uy-joy va avtotransport vositasini xarid qilish uchun uning oylik ish haqidan yo‘naltiriladigan mablag‘larni daromad solig‘idan ozod etish;
•    pedagog xodimga ellik olti ish kunidan iborat yillik haq to‘lanadigan uzaytirilgan ta’til, shuningdek, ta’til berilganida, kalendar yilida bir marta bazaviy lavozim maoshi miqdorida sog‘lig‘ini tiklash uchun moddiy yordam berish;
•    pedagog xodimning bazaviy lavozim maoshining eng kam miqdorini belgilash va ko‘p yillik xizmati uchun ustama to‘lash tizimini joriy etish;
•    pedagog xodimni kasbiy faoliyati davomida yuqumli kasalliklarga qarshi bepul profilaktik emlash;
•    oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan, ammo ta’lim tashkilotlarida kamida besh yil ish stajiga ega pedagog xodimlarni oliy ta’lim muassasalariga pedagogika yo‘nalishi bo‘yicha imtiyozli asosda o‘qishga qabul qilish.

Qonun loyihasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga jamoatchilik muhokamasi o‘tkazilishi uchun joylashtirildi. Ushbu loyiha yuzasidan fikr-mulohaza va takliflaringizni bildirishingiz mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

qonun o'qituvchi

Baholaganlar

457

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing