Prezident yana “Sardoba”ga bordi
Jamiyat
−
03 may 2020
13866“Sardoba” suv omborining yorilishi va toshqin sodir bo‘lishi oqibatida yuzaga kelgan favqulodni bartaraf etish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar bilan tanishish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Sirdaryo viloyatiga bordi.
Qayd etilishicha, favqulodda holatni bartaraf etish borasidagi ishlar kun sayin kuchaytirilmoqda. Ayni vaqtda “Sardoba” suv omborining toshqin sodir bo‘lgan qismida suv oqib chiqishi to‘xtatilgan va inshoot devorlarini mustahkamlash ishlari olib borilmoqda.
Shavkat Mirziyoyev bugun ham suv omborida to‘g‘onni tiklash ishlari bilan tanishgan. Shu yerning o‘zida mutasaddilar toshqindan zarar ko‘rgan hududlarni tozalash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarning borishi haqida axborot bergan. Prezident Shavkat Mirziyoyev inshootni tezroq tiklash va aholi uchun yetarli shart-sharoit yaratishga qaratilgan qo‘shimcha topshiriqlar berdi.
Ma’lumot o‘rnida shuni aytish lozimki, mazkur suv inshooti Sirdaryo va Jizzax viloyatlaridagi 6 ta tuman ekin maydonlarini suv bilan ta’minlash maqsadida barpo etilgan. Hozirgi vaqtda toshqin yuz bergan joyda 2 ta brigada tashkil etilib, to‘g‘on yorig‘ining chap va o‘ng qirg‘oqlarida jadal ish olib borilmoqda. Bu jarayonga yuzlab malakali mutaxassislar, mingdan ortiq maxsus texnikalar jalb etilgan. Katta harsang toshlar, beton bloklar va plitalar, boshqa tegishli qurilish materiallari keltirilib, to‘g‘on oldida yarim aylana shaklida to‘siq devor barpo etilmoqda. Ishchi-muhandislar, haydovchilar uchun barcha sharoit yaratilib, sa’y-harakatlar kechayu kunduz tashkil etilgan.
Prezident Matbuot xizmatining qayd etishicha, suv toshqini asosan Sirdaryo viloyatining Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlari aholi punktlari va ekinzorlariga zarar yetkazgan. Hukumat komissiyasi tomonidan amalga oshirilgan tezkor chora-tadbirlar natijasida ushbu tumanlardagi 22 ta qishloqdan jami 60 mingdan ziyod aholi evakuatsiya qilingan edi.
LiveBarchasi