Tanzila Norboyeva “Sardoba fojiasi” sababchilari aniqlanib, qonuniy baho berilishini aytdi

Jamiyat

image

Ma’lumki, joriy yilning may oyi boshida Sirdaryo viloyati Sardoba tumanida joylashgan “Sardoba” suv ombori to‘g‘onining yorilishi oqibatida minglab aholi uy-joyidan, mol-xolidan, ekin-tekinidan ayrildi. Ayni vaqtga qadar ushbu fojia talafotlarini bartaraf etish ishlari davom etmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboyeva ushbu holatning yuzaga kelishiga sababchi bo‘lganlar jazolanishini ma’lum qildi. Parlament rahbari bu haqda bugun, 5 sentyabr kuni Oliy Majlis Senati Kengashining Sirdaryo viloyatida bo‘lib o‘tgan sayyor majlisida gapirgan. 

“Albatta, islohotlar o‘z-o‘zidan bo‘layotgani yo‘q, ulkan yutuqlarga osonlik bilan erishilmayapti. Ayniqsa, bu yil og‘ir keldi. Butun jahonda kuzatilgani kabi mamlakatimizda ham pandemiya va uning ortidan kelgan global iqtisodiy inqiroz tashvishlarga sabab bo‘ldi.  

Buning barobarida, “Sardoba” suv omborida yuz bergan halokat va uning oqibatlari nafaqat sirdaryoliklar, balki butun xalqimizni tashvishga soldi. Albatta, ushbu favqulodda va texnogen holatlar oqibatlarini bartaraf etish va kelgusida ularning oldini olish bo‘yicha davlat rahbari va hukumat darajasida barcha zarur choralar tezkorlik va qat’iyatlik bilan amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, jabrlangan oilalarni qo‘llab-quvvatlash ishlari umumxalq harakati tusini oldi. Bu borada “Sardobaga yordam” aksiyasi ham xalqimizni yanada jipslashtirdi.

Ta’kidlash joizki, davlatimiz rahbari tomonidan bu boradagi vazifalar ijrosi nazoratga olingan. Albatta, “Sardoba suv ombori”da yuzaga kelgan holat sabablari, kerak bo‘lsa, sababchilari aniqlanadi va qonuniy baho beriladi. Bunga hech qanday shubha bo‘lmasligi kerak. Biroq hayot davom etmoqda, hozir jabrlangan aholini qo‘llab-quvvatlash, odamlarni rozi qilishga ko‘proq e’tibor qaratish zarur”, deydi Norboyeva.

Ma’lum qilinishicha, fojiadan so‘ng 175 ta tadbirkorlik sub’ektidan 32 tasiga yetkazilgan zarar miqdori 9,1 mlrd so‘m deb aniqlangan bo‘lsa-da, qolgan 143 ta tadbirkorning mol-mulkiga yetkazilgan zarar miqdori bo‘yicha aniq hisob-kitoblar amalga oshirilmagan va zararni qoplash bo‘yicha hech qanday amaliy chora-tadbirlar ko‘rilmagan.

Qolaversa, umumta’lim ob’ektlarini ta’mirlash, tiklash va qayta qurish ishlari belgilangan muddatlarda amalga oshirilmagan. Uy-joysiz qolgan 1 308 nafar fuqaro hozirgi kungacha 13 ta muassasa, shu jumladan, 6 ta umumta’lim maktabida yashayotganligi sababli mazkur ta’lim muassasalarini yangi o‘quv yiliga tayyorlash ishlari kechikmoqda. 

Yana bir jihat, irrigatsiya-melioratsiya ob’ektlarini tiklash ishlari bo‘yicha moliyalashtirish ishlari yakuniga yetkazilmagan. Ayrim qishloq xo‘jaligi tarmoqlari bo‘yicha yetkazilgan zararni qoplash ishlari yetarli darajada bajarilmagan.

Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlarida talafot ko‘rgan 54 ta fermer xo‘jaligining 4 204 gektar paxta va g‘alla maydonlariga ekinlarni qayta ekish uchun sug‘urtalanmagan 9,5 mlrd so‘mlik zararni qoplash masalasi hal etilmagan. Bundan tashqari, baliqchilik, chorvachilik, parrandachilik, bog‘dorchilik yo‘nalishlarida ham shu kabi muammolar o‘z yechimini kutmoqda.  

Senat raisi yuqoridagilarga to‘xtalarkan, ko‘p muammolar Senat aralashuvi bilan hal etilayotganini urg‘uladi. 

“Senat hududlar palatasi sifatida kelib tushayotgan ko‘plab murojaatlar, olib borilgan o‘rganish va tahlillar bu borada e’tibor qaratish lozim bo‘lgan qator muammolarga befarq qaray olmaydi. Shu nuqtai nazardan, Senat tomonidan ishchi guruh tuzilib, “Sardoba suv ombori” to‘g‘onida yuzaga kelgan texnogen hodisa oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar holati o‘rganildi. Odamlar bilan bevosita muloqot qilish asnosida qator muammolar aniqlandi. Ularning ko‘plari joyida hal etildi.

Xususan, Ishchi guruh sa’y-harakatlari bilan hududda amalga oshirilayotgan ishlar uchun ajratilgan mablag‘lar undirib berildi”, deydi Tanzila Norboyeva.


Maqola muallifi

Teglar

Tanzila Norboeva Sardoba fojiasi

Baholaganlar

72

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing