Pastkash erkaklari bor huquqni himoya qiluvchilar ishlayotgan jamiyatning borligi uyatli – Kusherboyev
Jamiyat
−
19 noyabr 2021
19194Xabaringiz bor, bugungi kunda videosi tarqalgan xalq deputatlari O‘rtachirchiq tuman kengashi deputati Feruza Babasheva atrofidagi voqealar diqqat markazida bo‘lib turibdi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherboyev Feruza Babashevaning videosi tarqalishiga munosabat bildirdi.
“O‘rta Chirchiq tumani Kengashi deputati bilan sodir bo‘layotgan voqealar afsuski bizda hali ham odamlarni obro‘sizlantirish yo‘lida har qanday pastkash va noqonuniy usuldan foydalanish mumkinligini ko‘rsatmoqda.
Yomoni shuki, bu qonun bilan himoyalangan shaxsiy hayot daxlsizligi tushunchasini amalda “0” qilishga urinish bo‘layotganini anglatadi. Va afsuski, bu Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida yangi O‘zbekistonda “Inson qadri uchun” degan shiorga mos olib borilayotgan islohotlarga nisbatan tamomila zid harakatdir”, deydi Kusherboyev.
Parlament deputati kim va nima bo‘lishidan qat’iy nazar odamni sindirishda bunday usul qo‘llash kerakmasligini ta’kidlagan.
“Shu o‘rinda jamiyat va yaqinlari oldida deputat qanchalik ma’nan javob berayotgan bo‘lsa, shaxsiy hayot daxsizligini buzgan shaxslar ham qonun oldida shunchalik javob berishlari shart.
So‘ngso‘z shuki, pastkash erkaklari bor huquqni himoya qiluvchilar ishlayotgan jamiyatning borligi uyatli. Erkaklarni uyatga qo‘ymang “farishta erkaklar!”, deya so‘zini yakunlagan Kusherboyev.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 16 noyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda deputat Feruza Babasheva va noma’lum erkakning nomaqbul vaziyatdagi videosi tarqaldi. Jamoatchilik shaxsiy hayot daxlsizligini buzuvchi videolar tarqatilishini deputat ayolning sha’ni va obro‘siga putur yetkazish uchun uyushtirilganini aytib, bu ishni qoraladi.
Toshkent viloyati IIBB holatga munosabat bildirib, holat “Xavfsiz tun” tadbiri doirasida aniqlangan ishratxonada tasvirga olinganini ma’lum qildi. Shuningdek, reyd vaqtida olingan tasvirlarni tarqatganlarni aniqlash ishlar boshlanganini bildirdi.
Kecha, 18 noyabr kuni xalq deputatlari O‘rtachirchiq tuman kengashi odob komissiyasining Feruza Babasheva ishi ko‘rilishi kerak bo‘lgan majlisi qoldirildi.
LiveBarchasi