Pashinyan va Aliyev Yevropa kengashi raisi bilan uchrashdi. Unda nimalarga kelishildi? 

Olam

image

Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev va Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan Yevropa kengashi raisi Sharl Mishel bilan uch tomonlama uchrashuvda Qorabog‘ bo‘yicha 2020 yil 9 noyabr va 2021 yil 26 noyabrda erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarishga va’da berdi. Bu haqda Mishelning muzokaralar yakunlari bo‘yicha Bryusselda tarqatilgan bayonotida aytiladi.  

“Bosh vazir Pashinyan va Prezident Aliyev 2020 yil 9 noyabr va 2021 yil 11 yanvardagi ikki uch tomonlama bayonotlar doirasida qabul qilingan asosiy majburiyatlar bajarilishini va 2021 yil 26 noyabrda Sochida erishilgan kelishuvlar amalga oshirilishi kerakligini tasdiqladilar”, deyiladi unda.

Bayonotga ko‘ra, rais Mishel asosiy gumanitar muammolarni hal etish muhimligini ta’kidlagan. 

“U mahbuslarni ozod qilish va bedarak yo‘qolganlar taqdiri kabi barcha hal qilinmagan gumanitar muammolarni to‘liq va erta hal qilishga chaqirdi”, deyiladi bayonotda. 

Yevropa kengashi raisiga ko‘ra, YeI ham Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasidagi ishonchni mustahkamlash chora-tadbirlarini qo‘llab-quvvatlashda davom etadi. 

“Rahbarlar YeI va ikki davlat o‘rtasidagi asosiy mavjud va istiqbolli savdo-iqtisodiy hamkorlikni muhokama qildilar. Shuningdek, ular Yevropa Ittifoqining mintaqada ishonchni mustahkamlash, tinch-totuv yashashga ko‘maklashish va iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish uchun iqtisodiy maslahat platformasini yaratish niyatini muhokama qildilar”, deyiladi xabarda. 

Chegara nazorati choralari bilan temir yo‘l liniyalari 

Ta’kidlanishicha, Armaniston va Ozarbayjon rahbarlari chegara va bojxona nazorati choralari bilan temir yo‘l liniyalarini tiklashni davom ettirishga qaror qilgan. 

“Rais Mishel Armaniston va Ozarbayjon, xususan, Janubiy Kavkaz o‘rtasidagi aloqa infratuzilmasini barcha mamlakatlar suverenitetini to‘liq hurmat qilgan holda tiklash muhimligini ta’kidladi. YeI o‘zining iqtisodiy va sarmoyaviy rejasiga muvofiq, bog‘lovchi liniyalarni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlashga tayyor. Taklif etilayotgan iqtisodiy maslahat platformasi ham ushbu jarayonni qo‘llab-quvvatlashi mumkin”, deyilgan Yevropa kengashi rahbari bayonotida. 

Uchrashuvdan so‘ng Pashinyan xuddi shu ma’lumotni tasdiqlagan. 

“Yevropa kengashi raisi Sharl Mishel va Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev bilan uch tomonlama uchrashuv chog‘ida biz Ozarbayjon Prezidenti bilan temir yo‘l qatnovini qayta tiklash bo‘yicha kelishuvni tasdiqladik”, deb yozgan u Facebook’da. 

Unga ko‘ra, “temir yo‘l xalqaro miqyosda tan olingan chegara va bojxona qoidalariga muvofiq, o‘zaro asosda ishlaydi”. 

“Armaniston Eron Islom Respublikasi va Rossiya Federatsiyasiga temir yo‘l orqali chiqish imkoniyatiga ega bo‘ladi”, deya qo‘shimcha qilgan u. 

Mamlakatlar chegaralari 

Sharl Mishel bayonotiga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasidagi chegaralarni delimitatsiya va demarkatsiya qilish masalalarini hal qilish uchun ekspertlar missiyasini taqdim etadi. 

“Yevropa Ittifoqi chegarani delimitatsiya va demarkatsiya qilishni qo‘llab-quvvatlash uchun ikki davlatga texnik yordam ko‘rsatishga ekspert missiyasi, maslahat guruhini taqdim etadi”, deyiladi xabarda. 

Qayd etilishicha, Sharl Mishel Yerevanni ham, Bakuni ham vijdonan faol ishtirok etishga va keskinlikni pasaytirish yo‘lida harakat qilishga chaqirgan. U kuchlarni to‘g‘ri masofada saqlash hodisalarning oldini olishning muhim elementi ekanligini ta’kidlagan. 

Qorabog‘ atrofidagi vaziyat haqida 

2020 yil 27 sentyabr kuni Tog‘li Qorabog‘ atrofidagi mojaro hududida vaziyat keskinlashdi va mintaqada faol harbiy harakatlar boshlandi. O‘sha yilning 9 noyabrida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin, Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev va Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan tomonidan ushbu hududda harbiy harakatlarni to‘liq to‘xtatishga erishish imkonini bergan uch tomonlama bayonot imzolandi. 

2021 yil 11 yanvar kuni uch davlat rahbarlari Moskvada shaxsan yig‘ildi. Muzokaralar samarali bo‘ldi – mintaqada transport-iqtisodiy aloqalarni yo‘lga qo‘yishga e’tibor qaratadigan uch mamlakat bosh vazirlari o‘rinbosarlari darajasida ishchi guruh tuzishga kelishib olindi.

26 noyabr kuni Sochida Rossiya Prezidenti, Ozarbayjon Prezidenti va Armaniston Bosh vazirining uch tomonlama muzokaralari bo‘lib o‘tdi. Ularning ishtirokchilari Ozarbayjon-Armaniston chegarasida barqarorlik va xavfsizlik darajasini oshirish choralarini ko‘rishga kelishib oldi. Yerevan va Baku mamlakatlar o‘rtasidagi davlat chegarasini delimitatsiya qilish va keyinchalik demarkatsiya qilish bo‘yicha ikki tomonlama komissiya tuzish ustida ishlamoqchi. Shu bilan birga, Rossiya Federatsiyasi tomonlarning iltimosiga binoan maslahat yordamini ko‘rsatadi.


Maqola muallifi

Teglar

Pashinyan Aliev Mishel'

Baholaganlar

29

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing