Pashinyan SHHT+ sammitida ruscha gapirmagani uchun “ayblanmoqda”
Olam
−
09:52 2584 2 daqiqa
Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga (MDH) a’zo davlatlar rahbarlari orasida Bishkekdagi SHHT+ sammitida rus tilida nutq so‘zlamagan yagona davlat rahbari bo‘ldi.
Xususan, tadbir davomida Qirg‘iziston, Ozarbayjon, Belarus, Qozog‘iston, Tojikiston va O‘zbekiston rahbarlari rus tilida nutq so‘zladi. Armaniston Bosh vaziri esa MDH davlatlari rahbarlaridan tarjimon bilan arman tilida so‘zga chiqqan yagona shaxs edi.
Qolgan davlatlar va xalqaro tashkilotlar rahbarlari yo o‘z ona tillarida, yoki ingliz tilida so‘zga chiqdi.
Ilgari Pashinyan an’anaviy ravishda bunday tadbirlarda rus tilida nutq so‘zlagan va ba’zan xatolarga yo‘l qo‘ygan. Bu galgi nutqida u Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan sammit doirasida Rossiya bilan munosabatlarni rivojlantirish strategiyasini muhokama qilish rejalari haqida gapirdi. Shuningdek, u Kavkazorti mintaqasida davlatlararo aloqalarni rivojlantirish, jumladan, “Xalqaro tinchlik va farovonlik uchun Tramp yo‘nalishi” loyihasini amalga oshirish haqida gapirdi.
Qirg‘izistonning “Oy o‘rdo” (“Fikr markazi”) ekspert tashabbuslari markazi rahbari Igor Shestakovning fikricha, Pashinyan rus tilida nutq qilmay, Yevroosiyo integratsiyasi va kelajakda MDHdagi ishtirokidan bir qadam ortga chekingan.
“Nikol Pashinyanning SHHT+ formatidagi sammitda davlat tilida so‘zga chiqqani Armaniston rahbarining Yevroosiyo integratsiyasi va, ehtimol, kelajakda MDHdagi ishtirokidan yana bir qadam chekinganidan dalolat beradi. Eslatib o‘taman, rus tili SHHT faoliyatining barcha formatida rasmiy til hisoblanadi”, deydi Shestakov.
Ekspertning aytishicha, Pashinyan rus tilini mukammal biladi, uning arman tilida so‘zlagani esa bu yerda siyosiy omil borligidan darak beradi.
“So‘nggi paytlarda Yerevan Yevropa Ittifoqiga intilmoqda. O‘ylaymanki, Armaniston Bosh vaziri shu yo‘l bilan Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish uchun qo‘shimcha ochko ishlashga qaror qilgan bo‘lishi mumkin”, deydi u.
SHHT sammiti 31 avgust va 1 sentyabr kunlari Qirg‘iziston poytaxti Bishkekda bo‘lib o‘tdi.
Live
Barchasi