Pashinyan Armanistonning Rossiya bilan munosabatlarini strategik xato deb atadi

Olam

image

Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan mamlakatning xavfsizlik sohasida Rossiyaga qaramligini strategik xato deb atadi. Bu haqda u “La Repubblica” nashriga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Armaniston xavfsizlik arxitekturasi, jumladan, qurol-yarog‘ va o‘q-dorilarni xarid qilishda Rossiya bilan 99,999 foiz bog‘langan. 

Pashinyanning qayd etishicha, Rossiya tinchlikparvar kuchlari Lochin yo‘lagi ustidan nazoratni to‘xtatgan. Shu munosabat bilan Bosh vazir arman xalqi uyg‘onib, Rossiya endi bu yerda yo‘qligini ko‘rishi mumkinligini aytgan.

“Bugungi kunda Rossiya qurol va o‘q-dorilarga muhtoj bo‘lganida, agar xohlasa ham, Armanistonning xavfsizlik ehtiyojlarini qondira olmasligi aniq. Bu misol xavfsizlik sohasida faqat bitta markazga qaramlik yoki bog‘lanishning o‘zi strategik xato ekanini ko‘rsatishi kerak”, deydi Pashinyan.

Bosh vazirga ko‘ra, rossiyalik hamkorlar G‘arb davlatlari Armanistonni Rossiyani mintaqadan siqib chiqarishga undashayotganini da’vo qilmoqda.

“Aksincha, biz Rossiyaning o‘zi qo‘ygan yoki qilmayotgan qadamlari tufayli mintaqani tark etayotganini ko‘ryapmiz”, deydi Pashinyan.

O‘z navbatida, Rossiya Federatsiyasi Prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov Armaniston bosh vazirining ushbu bayonotiga qo‘shilmasligini aytgan.

“Biz Bosh vazir Nikol Pashinyanning bu tezislariga qo‘shila olmaymiz. Rossiya bu mintaqaning mutlaqo ajralmas qismidir, shuning uchun u hech qayerga ketmaydi. Rossiya Armanistonni tark eta olmaydi”, deydi Kreml matbuot kotibi.

Peskovning bildirishicha, mintaqaning barcha tegishli davlatlari ikki yil avval imzolangan uch tomonlama kelishuvlarga amal qilishi juda muhim.

 “Mana shu kelishuvlarga rioya qilish muvaffaqiyat kalitidir”, deydi u.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Nikol Pashinyan Armaniston

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing