Pashinyan Armaniston madhiyasini o‘zgartirishga chaqirdi

Olam

image

Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan mamlakat madhiyasidagi misralar tartibini Armaniston shon-shuhratiga oid so‘zlar bilan yakunlanishi uchun o‘zgartirishni taklif qildi. Bu haqda u bugun, 31 yanvar kuni Yerevanda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.

"Madhiya matnida hech narsa o‘zgarmaydi, taklif faqat oxirgi va ikkinchi misralarni almashtirishdan iborat. Shunday qilib, madhiyamiz quyidagi so‘zlar bilan tugaydi: "Armaniston har doim shon-shuhratli bo‘lsin". Hozir esa u o‘lim sahnasining tavsifi bilan tugaydi va biz uni hali ham olqishlaymiz", deydi Armaniston Bosh vaziri.

Pashinyan madhiya tugaganidan keyin olqishlar barcha mamlakatlarda, hatto davlat darajasida ham odatiy hodisaga aylanganini qayd etdi. Shuning uchun, Bosh vazirning so‘zlariga ko‘ra, odamlar Armanistonning shon-shuhratiga oid so‘zlardan keyin qarsak chalishi kerak, fojiali yo‘qotishlar sahnalaridan keyin emas.

Kecha, 30 yanvar kuni Armaniston parlamenti spikeri Alen Simonyan ham respublikaning davlat gerbi va madhiyasini Armaniston davlati va madaniyatini “to‘g‘ridan to‘g‘ri aks ettiradigan” tarzda o‘zgartirishni taklif qildi.

Qayd etish joiz, bu mamlakat rasmiylari Armaniston davlat madhiyasi va gerbini o‘zgartirish masalasini birinchi marta muhokama qilishi emas. Pashinyan, shuningdek, gerbdagi Ararat tog‘i Turkiya hududida joylashgani uchun “noto‘g‘ri kodlarni o‘z ichiga olgani”ga bir necha bor shama qilgan.

Arman muxolifati esa mamlakat rasmiylari Turkiya va Ozarbayjon iltimosiga ko‘ra madhiya va gerbni o‘zgartirishni xohlayotganini, biroq bunga jur’at eta olmayotganini da’vo qilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili Qirg‘iziston parlamenti spikeri Nurlanbek Shakiyev davlat madhiyasi matnini o‘zgartirish zarurligini bildirgan edi. Uning fikricha, madhiya hamma uchun qulay, ritmik bo‘lishi kerak. Shunda barcha fuqarolar yoshidan qat’i nazar uni istalgan vaqtda va vaziyatda oson ijro eta oladi. Prezident Sadir Japarov ham davlat madhiyasini o‘zgartirishni qo‘llab-quvvatladi.


Maqola muallifi

Teglar

Nikol Pashinyan Armaniston madhiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing