Parvoz vaqtida ob-havo sharoiti normal edi – Raisiy ma’muriyati rahbari

Olam

image

Eron Prezidenti ma’muriyati rahbari G‘ulom-Husayn Ismoiliy halokat kuni ob-havo sharoiti normal bo‘lganini aytdi. Uning so‘zlarini IRNA keltirmoqda.

Ismoiliyning so‘zlariga ko‘ra, parvoz vaqtida ob-havo sharoiti normal bo‘lgan, faqat Sungun mis koni hududida (halokat sodir bo‘lgan Eronning Sharqiy Ozarbayjon viloyatida joylashgan) bulutli edi.

"Bu tuman emas edi. Ehtimol, darada chuqur tuman bor edi, lekin parvoz yo‘limiz bo‘ylab tuman yo‘q edi. Bulutlar vertolyotdan biroz balandroq edi. Bortida Prezident bo‘lgan vertolyot uchuvchisi qo‘mondon sifatida bizga balandlikka ko‘tarilish va bulutlar ustida harakatlanishni davom ettirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Vertolyotlar balandlikni oshirdi va taxminan 30 soniyadan so‘ng uchuvchimiz Prezidentning vertolyoti yo‘qolganini angladi”, deydi Ismoiliy.

Uning aytishicha, ularning vertolyoti bir yarim daqiqadan beri aloqada bo‘lmagan Prezidentni qidirishga ketgan va u bilan aloqa o‘rnatishning imkoni bo‘lmagan.

Shundan so‘ng yo‘qolgan vertolyot bilan bog‘lanishga urinishlar boshlangan. Qo‘ng‘iroqqa Raisiy bilan birga bortda bo‘lgan Eronning Tabriz shahridagi Juma masjidi imomi Sayid Muhammad Ali Ale Hoshem javob bergan.

"Men o‘zimni yaxshi his qilmayapman, nima bo‘lganini bilmayman, qayerda ekanimni bilmayman, daraxtlar ostidaman, hech kimni ko‘rmayapman”, deya javob bergan imom.

Uning tushuntirishidan Bell 212 (Raisiy bo‘lgan vertolyot – tahr..) halokatga uchragani ma’lum bo‘lgan.

“Tez yordam va tibbiyot xodimlarini olib, voqea joyiga bordik. Biz janob Al-Hoshim bilan bir necha bor gaplashdik. Keyin ma’lum bo‘ldiki, hamma bir vaqtning o‘zida halok bo‘lgan, ammo janob al-Hoshim bir necha soatdan keyin vafot etgan. Na portlash ovozi, na yong‘in, na tutun ko‘rindi”, deydi Prezident ma’muriyati rahbari.

Ma’lumot uchun, 19 may kuni Eronning Sharqiy Ozarbayjon viloyatida Eron Prezidenti o‘tirgan vertolyot halokatga uchradi. Unda mamlakat Tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullohiyon, Sharqiy Ozarbayjon viloyati hokimi Malik Rahmati va Tabriz shahrining imomi Muhammad Ali Ale Hoshem ham bo‘lgan. Eron Qizil yarim oy jamiyati rahbari Pir Husayn Kolivandning aytishicha,  halokatda vertolyotning barcha yo‘lovchilari va ekipaj a’zolari halok bo‘lgan. Eron vitse-prezidenti Mohsin Mansuriy prezident va unga hamrohlik qilayotganlarning o‘limi haqidagi xabarlarni tasdiqladi.

Eronning amaldagi vitse-prezidenti Muhammad Moxber vaqtinchalik Eron Prezidenti bo‘lishi ma’lum qilingandi. Eron Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Ali Bageri Kani esa sobiq tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullohiyon vafotidan keyin vaqtinchalik tashqi ishlar vaziri vazifani bajaruvchi etib tayinlandi. Mamlakat parlamenti Ichki ishlar qo‘mitasi raisi Muhammad Solih Jokar Eronda navbatdan tashqari prezidentlik saylovlari kelasi 50 kun ichida bo‘lib o‘tishi kerakligini aytdi. Respublika saylov shtabining matbuot kotibi Muhsin Islomiy Eronda muddatidan oldin prezidentlik saylovlari 28 iyun kuni bo‘lib o‘tishini ma’lum qildi. Eron oliy diniy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiy Prezident Ibrohim Raisiy va uning hamrohlari vertolyot halokatida vafot etgani munosabati bilan 5 kunlik motam e’lon qildi

Eslatib o‘tamiz, 21 may kuni Tabriz shahrida Ibrohim Raisiy va unga hamrohlik qilgan rasmiylar bilan vidolashuv marosimi bo‘lib o‘tgandi. 22 may kuni Eron poytaxti Tehron shahrida Prezident Ibrohim Raisiy bilan vidolashuv marosimida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri Nurdinjon Ismoilov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi ham ishtirok etishi ma’lum qilindi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing