Parvardigor sizni asrasin – Shahnoza Mirziyoyeva Otabek Umarovni tug‘ilgan kuni bilan tabrikladi
Jamiyat
−
15 may 2021
64050O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning kenja qizi Shahnoza Mirziyoyeva Instagram’dagi sahifasida turmush o‘rtog‘i, Prezident Davlat xavfsizlik xizmati raisi o‘rinbosari Otabek Umarovni tug‘ilgan kuni bilan tabrikladi
Suratda Otabek Umarov, Shahnoza Mirziyoyeva va ularning qizi tasvirlangan.
Shahnoza Mirziyoyeva suratga qoldirgan izohda Otabek Umarovni 37 yoshni qarshilagani bilan tabriklagan va samimiy tilaklarini bildirgan.
“Bu hayotda oila va uning tinchligidan muhimroq hech narsa yo‘qligiga ko‘p marotaba amin bo‘lganman. Suygan insonlarim yonimda, tani-jonlari sog‘, o‘zlari xursand bo‘lib yurishlari men uchun – haqiqiy baxt. O‘z baxtimni ular baxtida ko‘rib, his qilib turaman. Hayot seni sinovlarga solganda, aziz insoning umri xavf ostida qolganda, bu baxt qadrini yana ham chuqur his etarkansan kishi. Sinovlar odatiy turmushingni alg‘ov-dalg‘ov qilib, ilgari e’tibor bermagan, ahamiyat qilmagan hayotning qorong‘u va qo‘rqinchli tomonlari bilan yuzma-yuz qilar ekan. Sen kutgan yordam Yaratganga sajda, ham yaqinlaring ko‘magida ekan.
Ha, bizning holatimizda qo‘llab-quvvatlash kuchli bo‘ldi. Bu kuch ortidan biz kuch oldik, irodali bo‘ldik.
Aziz va hurmatli do‘stlarimiz! Yordamingiz uchun sizlarga katta rahmat. Bugun, aziz insonimning tug‘ilgan kunida, men faqat bir narsani aytmoqchiman: Parvardigor sizni asrasin, sog‘-salomat va baxtli bo‘ling, agar siz baxtli bo‘lsangiz, men ham baxtli bo‘laman, bizning bolalarimiz ham baxtli bo‘lishadi. Biz esa doimo yoningizda bo‘lamiz, hamma narsani yengib chiqamiz.
Sevgi va o‘zaro tushunish bo‘lgan uyda esa – hamma narsa yengib chiqiladi. Tavallud ayyomingiz bilan!”, degan Shahnoza Mirziyoyeva.
Eslatib o‘tamiz, ijtimoiy tarmoqlarda Otabek Umarov yo‘l-transport hodisasiga uchragani haqida mish-mishlar tarqalgandi. Keyinroq esa u davolash uchun Janubiy Koreyaga olib ketilgani aytilgandi. Ammo bu bo‘yicha hech qanday rasmiy ma’lumot berilmagan.
LiveBarchasi