Parlamentdagi o‘zgarishlar: Senat a’zolari va Spiker o‘rinbosarlari qisqartiriladi
Jamiyat
−
25 Sentabr 2023
7161O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati a’zolari sonini 100 nafardan 65 nafarga tushirish hamda Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosarlarini 7 nafardan 2 nafarga qisqartirish taklif qilinmoqda. Bu haqda parlamentga kiritilgan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasida so‘z boradi.
Mazkur hujjatda:
- Senatning vakolatlari sifatida mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlariga o‘z faoliyatini amalga oshirishda ko‘maklashish;
- Qonunchilik palatasi tarqatib yuborilgan davrda Oliy Majlisning qonunlarni qabul qilishga doir vakolatlarini bajarish;
- qonunni u Senatga kelib tushgan kundan e’tiboran 60 kun ichida ko‘rib chiqish va boshqalar nazarda tutilmoqda.
Aytilishicha, bu o‘zgarishlar bilan Senatning vakolatlari yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga muvofiqlashtirilmoqda.
Bundan tashqari, Senat a’zolari har bir ma’muriy-hududiy birlikdan 4 nafardan saylanishi, 9 nafari Prezident tomonidan tayinlanishi (jami 65 nafar) belgilanmoqda. Doimiy asosda ishlovchi senatorlar soni amaldagidek 25 nafar miqdorda saqlanib qoladi.
Shuningdek, Senatning prokuratura organlari faoliyati ustidan nazorat qiluvchi komissiyasini tugatish taklif etilmoqda.
Senatning quyidagi vakolatlari esa bekor qilinib, Qonunchilik palatasining mutlaq vakolatlari sifatida belgilanmoqda:
- Davlat byudjetining ijro etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish va Hisob palatasining hisobotini ko‘rib chiqish;
- Prezidentning taqdimiga binoan Bosh vazir nomzodini ko‘rib chiqish va ma’qullash;
- Bosh vazir, Hukumat a’zolarining hisobotlarini hamda Vazirlar Mahkamasining har yilgi ma’ruzasini eshitish.
O‘z navbatida, Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosarlari soni ham 7 nafardan 2 nafarga qisqartirilyapti. Bunda Spikerning o‘rinbosarlari fraksiya a’zosi bo‘lishi mumkin emasligi hamda lavozimda bo‘lish davrida siyosiy partiyadagi a’zolikni to‘xtatishi belgilanmoqda.
Fraksiya rahbari esa moddiy, tibbiy va transport xizmati ko‘rsatish shart-sharoitlariga ko‘ra, Spiker o‘rinbosariga tenglashtirilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq yuqoridagi qonun loyihasi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatiga o‘zini o‘zi tarqatib yuborish vakolati berilayotgani xabar qilingandi.
LiveBarchasi