Parlament YPX xodimi tasvirini internetda tarqatganlarni qamash masalasini ko‘rib chiqadi
Jamiyat
−
31 may 2022
6400“Yo‘l harakati xavfsizligi tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi, Jinoyat-protsessual kodeksi va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasida ko‘rib chiqiladi. Bu haqda quyi palata spikeri Nurdinjon Ismoilov Qonunchilik palatasi majlisida aytib o‘tdi.
“Oxirgi vaqtlarda inson xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha belgilangan ustuvor vazifalarni amalga oshirishdan kelib chiqib, qonun loyihasi tayyorlangan. Hozir qonun loyihasi Qonunchilik palatasi qoldig‘ida turibdi. Qo‘mita bu qonunni birinchi o‘qishga kiritish bo‘yicha ishlarni davom ettiryapti. Hali muddatimiz bor, albatta bu qonun loyihasi birinchi o‘qishga kiradi va muhokamaga sabab bo‘ladi. Hozir muddati borligi uchun shoshilmaymiz va qonunchilik tashabbusi sub’ektidan qo‘shimcha ma’lumotlar so‘raganmiz. Fraksiyalarda bu masala ko‘rilganda deputatlarimiz bu masalani ko‘targan.
Qo‘shimcha ma’lumotlar olib kelinganidan keyin albatta bu qonunni ko‘rishimiz kerak. Bu juda dolzarb qonun, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash sohasidagi qonunchiligimizda juda ko‘p bo‘shliqlar bor. Kerak bo‘lsa, ziddiyatlar ham bor, uni ham tan olishimiz kerak. Ko‘p muammolarni huquqiy jihatdan hal qilish zarurati mavjud”, deydi Nurdinjon Ismoilov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ayrim turdagi huquqbuzarliklar uchun jazolarni kuchaytirishga to‘g‘ri keladi, ayrimlari bo‘yicha liberallashtirishga to‘g‘ri keladi.
“Yana og‘ir oqibatli yo‘l-transport hodisalarini oldini olish samaradorligiga qaratilgan bir qancha normalar ko‘zda tutilgan: mutasaddi idoralarga vakolatlar, mas’uliyatlar va vazifalar yuklatilyapti.
Albatta, bu qonunni birinchi o‘qishda kiritish uchun muddatimiz bor. Qo‘mitadan iltimos qilamiz, deputatlarni fikri va joylardagi fikrlarni inobatga olib, yaqin kunlardagi yig‘ilishimizga kiritilishi kerak bo‘ladi”, deydi quyi palata spikeri.
Eslatib o‘tamiz, Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi mazkur qonunni ko‘rishdan bosh tortgandi.
Ma’lumot uchun, qonun loyihasidagi bandlardan birida, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining xizmat vazifalarini bajarayotgan chog‘da olingan foto va videotasvirlarini ularni obro‘sizlantirish yoki haqorat qilish maqsadida internetga joylashtirish 50 BHM jarima yoki 15 sutka ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘lishi ko‘rsatilgan.
LiveBarchasi