Parlament Bosh vazir Bornni iste’foga chiqarishni ko‘rib chiqmoqda
Olam
−
20 mart 2023
4744Bugun, 20 mart kuni Fransiya Milliy Assambleyasi (parlamentning quyi palatasi) Bosh vazir Elizabet Born va uning Vazirlar Mahkamasiga ishonchsizlik e’lon qilish haqidagi rezolyutsiya loyihasini muhokama qiladi. Deputatlar ovoz berish orqali ishonchsizlik votumini tasdiqlaydi. Fransiya parlamenti quyi palatasiga 577 deputat saylanadi, biroq hozirda 4 o‘rin bo‘sh. Demak, taklif qabul qilinishi uchun 573 deputatdan kamida 287 nafari rezolyutsiya loyihasini qo‘llab-quvvatlashi kerak bo‘ladi.
Vazirlar Mahkamasiga nisbatan ishonchsizlik bildirishnomalari hukumat o‘tgan hafta oxirida Konstitutsiyaning 49.3-moddasini qo‘llab, pensiya islohoti to‘g‘risidagi qonun loyihasini Milliy Assambleyada ma’qullamay turib qabul qilgach, paydo bo‘lgan. Vazirlar Mahkamasiga ishonchsizlik votumi haqidagi birinchi rezolyutsiya loyihasini “Milliy birlik” partiyasining parlamentdagi fraksiyasi rahbari Marin Le Pen taqdim etgan. Shu bilan birga, u Fransiya hududidan tashqaridagi saylovchilarni ifodalovchi LIOT partiyalararo guruhining (“Ozodlik”, “Mustaqillik”, 'Chet eldagi hududlar” so‘zlarining qisqartmasi) shunga o‘xshash loyihasi uchun ovoz berishga tayyor ekanini ham bildirgan. Bu loyihani mazkur guruhning o‘zidagi 20 deputatdan tashqari, chap muxolifat bloki parlamentariylari (149 deputat), Le Pen tarafdorlari (88) va ayrim mustaqil qonunchilar ham qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini aytgan.
Endilikda o‘ng qanot liberal “Respublikachilar” partiyasining ovozlari hal qiluvchi ahamiyat asb etmoqda. 61 deputatdan iborat fraksiya odatda hukumat qarorlarini qo‘llab-quvatlaydi. Uning yetakchisi Erik Sotti ham hukumatga ishonchsizlik bildirishga ovoz bermasligini aytgan. Shundan so‘ng, 19 martga o‘tar kechasi noma’lum kimsalar uning Nitssadagi ishchi xonadoniga bostirib kirgan. Umumiy Mehnat Konfederatsiyasi bunday harakatlar kasaba uyushmasi tomonidan qilinmaganini aytgan.
Ba’zi manbalarga ko‘ra, muxolifat hozirda 260 ta ishonchli ovozga ega. So‘l qanot muxolifat gazetasi “Libertion”ning hisob-kitoblari hukumatga ishonchsizlik to‘g‘risidagi taklif parlamentda kamida 273 ovoz olishi mumkin ekanini ko‘rsatgan. Lekin birinchi va ikkinchi natija hukumatni mag‘lub etish uchun yetarli bo‘lmasligi qayd etilgan.
Fransiya Konstitutsiyasining 50-moddasida “Agar Milliy Assambleya hukumatga ishonchsizlik to‘g‘risidagi arizani qo‘llab-quvvatlasa, Bosh vazir Respublika Prezidentiga o‘z kabinetini iste’foga chiqarish to‘g‘risida ariza bilan murojaat qilishi shart” deyilgan. Agar bu sodir bo‘lsa, pensiya qonuni bekor qilinadi va Bosh vazir Elizabet Born iste’foga chiqadi. Keyin Makron yangi hukumatni tayinlashi kerak. Aks holda u Milliy Assambleyani tarqatib yuborishi va muddatidan oldin saylovlar o‘tkazishga chaqirishi mumkin.
LiveBarchasi