Park and Ride: avtomobilni tashqarida qoldirib, shaharga kirish tajribasi
Bu qiziq
−
11:03 2130 4 daqiqa
Ayni paytda Toshkentga kelayotgan mehmonlar avtomobilini shahar tashqarisidagi turargohlarda qoldirib, markazga kiradigan tartib joriy etilishi jamoatchilik muhokamasida bo‘lib turibdi. Mazkur tizim – Park and Ride deb nomlanadi.
Park and ride (shuningdek, incentive parking yoki commuter lot deb ham ataladi) – bu jamoat transporti bilan bog‘langan avtoturargoh bo‘lib, u shahar markaziga yo‘l olgan yo‘lovchilarga avtomobillarini shu yerda qoldirib, yo‘lning qolgan qismini avtobus, temiryo‘l transporti (metro, yengil temiryo‘l yoki shahar atrofi poyezdlari) yoki taksi orqali davom ettirish imkonini beradi.
Avtomobil kun davomida avtoturargohda qoldiriladi va egasi qaytib kelganda olib ketiladi. Park and ride odatda yirik shaharlar atrofidagi shaharcha va tumanlarda yoki megapolislarning tashqi chegaralarida joylashadi. Agar bunday avtoturargoh faqat karpuling uchun xizmat qilsa va jamoat transportiga ulanish bo‘lmasa, u park and pool deb ham atalishi mumkin.
Ayrim mamlakatlarda yo‘l belgilarda park and ride “P+R” qisqartmasi bilan belgilanadi va marketingda ko‘pincha “Park & Ride” tarzida yoziladi.
Tizim qanday paydo bo‘lgan?
Shvetsiyada, agar ish beruvchi xodimga bepul yoki arzon avtoturargoh taqdim etsa va xodim buning uchun pul to‘lashi kerak bo‘lsa, bu imtiyozga soliq joriy etilgan. Bu soliq shahar markaziga avtomobilda kirib keluvchilar sonini kamaytirib, ayniqsa Stokgolmda park and ride hududlaridan foydalanishni oshirgan. Keyinchalik Stokgolmda joriy etilgan tirbandlik solig‘i ham P&R tizimidan foydalanishni yanada kuchaytirgan.
Pragada metro va temiryo‘l stansiyalari yaqinida park and ride avtoturargohlari tashkil etilgan (2011 yilda 12 ta metro va 3 ta temiryo‘l stansiyasi yonida jami 17 ta). Bu avtoturargohlar arzon narxlarda taklif etiladi.
Asosiy afzalliklari
Park and ride avtoturargohlari shahar markazidagi tirband yo‘llardan va qimmat, kam joyli avtoturargoh qidirish stressidan qutulish imkonini beradi. Ular jamoat transportidan foydalanishni rag‘batlantirish orqali tirbandlikni kamaytirishga xizmat qilishi mumkin.
Bu tizim temiryo‘l yoki avtobus bekatidan piyoda yurishga noqulay masofada yashovchi yo‘lovchilar uchun ayniqsa qo‘l keladi. Shuningdek, zaxira masofasi cheklangan muqobil yoqilg‘ida ishlovchi transport vositalari egalari uchun ham qulay. Park and ride karshering va karpuling uchun doimiy uchrashuv joyi sifatida ham xizmat qiladi. Ayrim shaharlarda avtoturargohlarda yo‘lovchilar uchun kutish xonalari, hojatxonalar, axborot materiallari mavjud. Katta majmualarda esa sayohat ofislari, do‘konlar, “avtomoyka” yoki oshxonalar ham bo‘lishi mumkin.
Avtobusli Park and Ride
Avtobusga mo‘ljallangan park and ride tizimlari ilk bor 1960 yillarda Buyuk Britaniyada paydo bo‘lgan. Oksford shahri bu tizimni birinchi bo‘lib joriy etgan. Hozirda Oksford atrofida 5 ta yirik park and ride avtoturargohi mavjud bo‘lib, ularning umumiy sig‘imi 5 mingdan ortiq avtomobilni tashkil etadi. Shuningdek, temiryo‘l bekati bilan bog‘langan, velosipedlarni saqlashga mo‘ljallangan turargohlar dunyo amaliyotda mavjud.
Yirik shaharlarga kirish pullikmi?
Dunyoning barcha yirik shaharlarida “mashinani tashqarida qoldirib, shaharga kirish” tartibi bor. Masalan, London shahri markaziga kirish pullik. Mazkur tizim “Congestion Charge” deb nomlanadi – London shahri markazida belgilangan hududga avtomobil bilan kirganlik uchun kunlik to‘lov undiriladigan tizim hisoblanadi. U 2003 yilda joriy etilgan va shahar transportini boshqarishda dunyodagi eng mashhur modellardan biri hisoblanadi. Tizimni London transport agentligi – Transport for London (TfL) boshqaradi.
Bu tartib Londonning markaziy qismi uchun amal qiladi (taxminan 21 km²). Pullik hudud maxsus yo‘l belgilari va xaritalar bilan aniq ko‘rsatilgan. Tizim dushanbadan juma kunigacha ertalab 07:00 dan – 18:00 gacha ishlaydi. Dam olish kunlari va bayramlarda bu tartib amal qilmaydi. Bugungi kunda Congestion Charge orqali shahar markaziga kirish £15. Bir kun ichida hududga necha marta kirilganidan qat’i nazar, to‘lov bir marta amalga oshiriladi. Bu tartib elektromobillarni istisno qiladi. Shuningdek, taksi, mototsikl, favqulodda xizmatlar uchun markazga kirish bepul.
Xuddi shunga o‘xshash tartib Parij (markaziy hududlarda avtomobil harakati cheklangan), Madrid (markazda ekologik cheklov zonalari joriy etilgan), Istanbul (shaharga kirishda yirik transport tugunlari bor), Singapur (markazga kirish elektron to‘lov asosida), Stokgolm (bepul yoki arzon avtoturargohlar uchun soliq yuqori. Bu chora shahar markaziga avtomobilda kirishni kamaytirib, Park and Ride tizimidan foydalanishni rag‘batlantiradi) singari yirik shaharlarda ham mavjud.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 16 dekabr kuni Toshkentga kelganlar avtomashinalarini postda qoldirib, shaharga kirishi uchun sharoit yaratilishi aytilgan edi.
Live
Barchasi