Parijga kuchli dovul yopirildi. Qurbonlar bor (video)

Olam

image

Kecha, 25 iyun kuni Fransiya poytaxti Parijga yopirilgan kuchli dovullar oqibatida ikki kishi halok bo‘ldi. Bu haqda “Le Parisien” nashri xabar berdi.

Nashrga ko‘ra, Fransiyaning ko‘plab hududlarida havo harorati bir hafta davomida +30 darajadan yuqori bo‘lib turgan, undan so‘ng kuchli momaqaldiroq va shamol (120  kilometr /soatgacha) boshlangan. Kecha, 25 iyun kuni mamlakat milliy meteorologiya xizmati 57 ta departament bo‘yicha xavfli ob-havo sharoiti to‘g‘risida ogohlantirish bergan.

Mahalliy vaqt bilan kech soat 9 da Parijni 15 daqiqa davomida quyuq tuman qoplab olgan. Kuchli yomg‘ir va shamol ko‘rish masofasini 50 metrga tushirib yuborgan. Atigi 20 daqiqada poytaxtdagi havo harorati 11 darajaga pasaygan. 100 kilometr/soatdan ortiq tezlikdagi shamol o‘nlab daraxtlarni ildizi bilan sug‘urib olgan. Kechasi qutqaruvchilar yo‘llarni to‘sib qolgan daraxtlarni tozalash bilan shug‘ullangan.

Parijda tabiiy ofat oqibatida 100 mingdan ortiq xonadon vaqtincha elektr ta’minotisiz qolgan. Kuchli yomg‘ir metro stansiyalarini suv bosishiga olib kelgan, bu esa yerosti poyezdlar harakatida muammolarga sabab bo‘lgan. Shuningdek, kuchli sel Parijdagi bir nechta avtomobil yo‘llarini ham suv ostida qoldirgan.

Halok bo‘lganlardan biri shimoli-g‘arbiy Fransiyadagi Mayenn shahrida daraxt qulab tushishi oqibatida vafot etgan 12 yoshli bola, ikkinchisi esa Tarn va Garonna departamentida daraxtga urilgan kvadrotsikl haydovchisi – 50 yoshli erkak.

“Le Figaro” nashrining “Météo-France” agentligiga tayanib yozishicha, mahalliy vaqt bilan kechki soat 10 larda dovul to‘liq tingan. Shundan so‘ng u poytaxtdan Fransiyaning markaziy hududlari tomon siljigan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoyning janubi-g‘arbiy qismida kuchli suv toshqinlari oqibatida 80 mingdan ortiq kishi evakuatsiya qilingani haqida xabar berilgan edi. Ommaviy evakuatsiya Guychjou provinsiyasining ikki tumanida boshlangan. U yerda tinimsiz yog‘ayotgan yomg‘irlar va yuqori oqimlardan kelayotgan suvlar toshqinlarga sabab bo‘lgan.


Maqola muallifi

Teglar

Frantsiya Parij dovul

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing