Parijda qonun loyihasiga qarshi namoyish tartibsizlikka aylanib ketdi (fotoreportaj)
Olam
−
28 noyabr 2020
5321Fransiya poytaxti Parijda “Global xavfsizlik to‘g‘risida”gi qonunning 24-moddasiga qarshi namoyishlar vaqtida tartibsizliklar yuz berdi. Namoyishchilar yurishi soat 14:00 da Respublika maydonidan boshlangan.
Oradan 1,5 soat o‘tgach, tinch namoyishchilarga ko‘p sonli qora kiyimdagi odamlar qo‘shilgan. Ular dastlab politsiyani haqorat qilgan, keyin kuchishlatar tuzilma xodimlariga shisha idish va mushak uloqtira boshlagan.
Natijada politsiya biroz ortga chekingan va ko‘zni yoshlantiruvchi gazdan foydalangan. Bezorilar katta axlat idishini yoqib yuborgan.
Ma’lumot uchun, joriy yilning noyabr kuni Fransiya Milliy majlisi birinchi o‘qishda “Global xavfsizlik to‘g‘risida”gi qonunni qabul qildi. Hujjatning 24-moddasiga ko‘ra, “politsiya xodimi yoki jandarmning yuz qiyofasi yoki identifikatsiyaning boshqa elementini uning jismoniy yoki ruhiy daxlsizligiga zarar yetkazish maqsadida tarqatganlik uchun bir yil ozodlikdan mahrum qilish va 45 ming yevro miqdorida jarima solinadi”.
Jurnalistlar kasaba uyushmasi bu moddaga qarshi chiqyapti. Ular qonun kuchga kirganidan keyin OAV xodimlari va fuqarolar kuchishlatar tuzilma xodimlarining miting va norozilik aksiyalaridagi harakatini erkin suratga ololmaslikdan xavfsiramoqda.
Fransiya Hukumati qonun jurnalistlarga politsiya harakatlarini suratga olishlariga to‘sqinlik qilmasligini takrorlab kelyapti.
LiveBarchasi