Parij va London Ukraina uchun xavfsizlik rejasini tayyorlamoqda

Olam

image
Vashingtondan topilmagan xavfsizlik kafolati Londondan izlandi north_east

Vashingtondan topilmagan xavfsizlik kafolati Londondan izlandi

Britaniya va Fransiya Ukraina armiyasi sonini sezilarli darajada qisqartirish haqidagi Moskva talablari fonida Kiyev xavfsizligini kafolatlash rejasini ishlab chiqishga harakat qilmoqda. Bu haqda kecha, 12 mart kuni “Bloomberg” agentligi xabar berdi.

Shu kuni Parijda Yevropaning beshta asosiy harbiy kuchlari: Fransiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Italiya va Polsha Mudofaa vazirlari o‘rtasida Ukrainani qo‘llab-quvvatlashni muvofiqlashtirish bo‘yicha muzokaralar bo‘lib o‘tdi.

“Ukraina xavfsizligining birinchi kafolati Ukraina armiyasining o‘zi, uning imkoniyatlari, qurollari, tayyorgarligi ekanligi haqida keng fikr mavjud. Uzoq muddatli xavfsizlik kafolatlari biz Ukrainaga taqdim eta oladigan imkoniyatlarga bog‘liq”, dedi Fransiya Mudofaa vaziri Sebastyan Lekornyu Parijdagi matbuot anjumanida ma’lum qildi.

U Yevropa kosmik texnologiyalarni tezroq rivojlantirishi va Starlink'ga bog‘liqligini kamaytirishi kerakligi haqida ogohlantirdi.

“Bloomberg”ning yozishicha, Buyuk Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer va Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron 37 davlat o‘rtasida Ukraina masalasini tinch yo‘l bilan hal etish bo‘yicha “xohlovchilar koalitsiyasini” yaratish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda.

“Unda Yevropa, Hamdo‘stlik va Osiyo davlatlari Ukrainani Rossiyaning keyingi tajovuzkorligi ehtimolidan himoya qilish uchun mablag‘, qo‘shin, samolyot yoki dengiz kemalari bilan ta’minlashini ko‘zda tutadi”, deb yozadi axborot agentligi.

Kecha, 12 mart kuni NATOga a’zo bo‘lmagan davlatlar, jumladan Avstraliya, Yaponiya va Yangi Zelandiya vakillari Parijda Yevropaning o‘nlab davlatlari, shuningdek, Kanada harbiy boshliqlari bilan muzokaralarga qo‘shildi.

Britaniya rasmiylari G‘arb OAVlariga ular birlashtirmoqchi bo‘lgan taklif etilayotgan “ishonch kuchlari” Ukraina uchun muhim xavfsizlik kafolati ekanini aytdi. Ularning fikricha, Rossiyaning NATOga a’zo davlatlarning bunday jarayonga to‘sqinlik qilishga bo‘lgan har qanday urinishi mustahkam tinchlik istiqbollarini izdan chiqarishga ataylab qilingan urinish bo‘ladi.

“Bloomberg”ning yozishicha, har bir davlatdan koalitsiyaga nima yordam berishga tayyorligi so‘ralgan va Ukrainaga qo‘shin yuborishni rad etganlardan qo‘shni Yevropa mamlakatlariga quruqlikdagi qo‘shinlarni joylashtirishga tayyormi yoki yo‘qligi va boshqa qanday hissa qo‘shishi mumkinligi, jumladan, kemalar, samolyotlar, tanklar yuborish va razvedka ma’lumotlarini taqdim etish so‘ralgan.

Yevropa mudofaa rasmiylarining fikricha, Yevropa qo‘shinlarining Ukrainaga kiritilishi barqaror va mustahkam tinchlik yechimining ajralmas qismidir. Biroq Rossiya Ukrainada NATO tinchlikparvar kuchlarining kiritilishiga rozi bo‘lmasligini ochiq aytdi.

Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov NATO qo‘shinlarining Ukraina hududida har qanday maqomda bo‘lishi Rossiya uchun xavf tug‘dirishini aytdi.

Fransiya va Britaniya harbiy rahbarlari yaqin kunlarda Starmer va Makronga tinchlikparvar kuchlarning batafsil imkoniyatlarini taqdim etadi va bugun kechroq virtual uchrashuvda boshqa rahbarlar bilan muhokama qiladi. Shundan so‘ng reja AQSH Prezidenti Donald Trampga ko‘rsatiladi. London va Parij Vashingtonni Amerika qo‘shinlarini Ukrainaga yubormasdan havo kuchlari, razvedka va chegara nazorati shaklida xavfsizlik kafolatlarini berishga ko‘ndirmoqchi.

Agentlikning ta’kidlashicha, Ukrainaning 30 kunlik o‘t ochishni to‘xtatish haqidagi kelishuvi tinchlikparvar kuchlar rejalarini ishlab chiqish bilan birga Rossiyaga yon berish uchun bosimni oshirgan.

“Biroq Rossiya tinch yo‘l bilan kelishuvni rad etishi va o‘t ochishni to‘xtatish davridan Ukrainaga yangi hujumlar uyushtirish va qayta qurollantirish uchun foydalanishi haqida jiddiy xavotirlar bor”, deb yozadi “Bloomberg”.


Maqola muallifi

Teglar

Frantsiya Buyuk Britaniya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing