Vashingtondan topilmagan xavfsizlik kafolati Londondan izlandi
Tahlil
−
03 mart
4829Kecha, 2 mart kuni Yevropa yetakchilari Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyni qo‘llab-quvvatlash ramzi sifatida Londonda sammit tashkillashtirdi. Mazkur tadbirda Ukrainada tinchlik va butun qit’ada barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida kelishib olindi. Sammitga mezbonlik qilgan Britaniya Bosh vaziri Kir Starmerning so‘zlariga ko‘ra, reja amalga oshishi uchun AQSHning qo‘llab-quvvatlashi juda muhim.
Keling, voqealar ketma-ketligini bir boshdan ko‘rib chiqsak. Sammit Oval kabinetdagi halokatli ikki tomonlama uchrashuvdan ikki kun o‘tib bo‘lib o‘tdi. O‘shanda Tramp va Zelenskiy o‘rtasidagi keskin tortishuvdan so‘ng, amerikalik rasmiylar ukrainaliklarga “chiqish eshiklarini ko‘rsatgani” aytildi. Kim uchundir bu uchrashuvdagi holat Trampning Putinga yaqinlashuviga yana bir misol bo‘lsa, yana kimdir uchun bu dahanaki jang AQSH Prezidentining Ukrainadagi mineral resurslar bo‘yicha juda qat’iy degan taassurot uyg‘otdi. Tramp bilan uchrashuvdan so‘ng “Fox News” telekanaliga bergan intervyusida Zelenskiy boshlovchining Oq uydagi janjal uchun kechirim so‘rash zarurligini his qildimi yoki yo‘qmi degan savoliga javob berar ekan, Tramp va Amerika xalqidan minnatdor ekanini, lekin yomon ish qilmaganini aytdi va bir so‘z bilan aytganda kechirim so‘ramadi. O‘rtaga sovuqchilik tushdi. Uchrashuvdan so‘ng, AQSH tomonidan Ukraina energiya tizimini moliyalashtirish to‘xtatilgani haqida xabarlar tarqaldi. Harbiy yordam masalasi ham katta so‘roq ostida qoldi. Hatto ba’zi manbalar o‘sha kuni Ukraina delegatsiyasi so‘nggi bir necha yildan buyon AQSHga safar xarajatlarini birinchi bor o‘z “cho‘ntaklaridan” to‘lagani haqida xabar berdi.
Zelenskiy esa o‘sha soatlardayoq Vashingtonni tark etib, to‘g‘ri Londonga yo‘l oldi va u yerda 1 mart kuni Bosh vazir Kir Starmer bilan uchrashdi. “Bloomberg” manbasiga ko‘ra, Ukraina Prezidenti bilan uchrashuvdan so‘ng Starmer Tramp va Fransiya Prezidenti Emmanuel Makronga qo‘ng‘iroq qilgan. Suhbatlar tafsilotlari keltirilmagan, ammo agentlik manbasi ularni konstruktiv deb atadi. Makron esa o‘z navbatida, 1 mart kuni Zelenskiy va Tramp bilan gaplashgan va ularni Oq uydagi mojarodan keyin ularni xotirjamlikka chaqirgan. Makronning ta’kidlashicha, Zelenskiy unga Vashington bilan muloqotni, jumladan, AQSHga Ukraina tabiiy resurslaridan daromad olish imkonini beruvchi kelishuv bo‘yicha muloqotni tiklashga tayyorligini aytgan. Zelenskiyning o‘zi ham X ijtimoiy tarmog‘ida Oq uyda sodir bo‘lgan voqeaga qaramay, AQSH bilan foydali qazilmalar bo‘yicha shartnoma imzolashga hali ham tayyor ekanligini yozdi. Ammo Ukraina Prezidenti Kiyev xavfsizlik kafolatlarini talab qilishda davom etishini yana bir bor eslatdi.
Ammo Tramp ma’muriyati agar Kiyev AQSH bilan munosabatlarni tiklashni xohlasa, Ukraina Prezidenti xalqaro hamjamiyat oldida Oq uydagi holat uchun ochiqchasiga kechirim so‘rashini xohlayapti. Masalan, o‘sha uchrashuvning katta qismida miq etmay diplomatik odobni saqlab o‘tirgan AQSH Davlat kotibi Marko Rubio Zelenskiydan bu uchun kechirim so‘rashni talab qildi. “Bloomberg” manbalari ham Oq uy aynan shuni kutayotganini nashrga ma’lum qilgan. Uzur so‘rash NATO Bosh kotibi Mark Ryutte fikricha ham eng to‘g‘ri qarorlardan biri. U Zelenskiy bilan telefon suhbatida Trampning Ukraina uchun qilgan ishlari hurmat qilinishi kerakligini va Ukraina Prezidenti AQSH bilan munosabatlarni yaxshilash yo‘lini topishi kerakligini aytgan.
Trampning dastidan 2-sammit
Tramp hokimiyat tepasiga kelganiga hali 2 oy ham to‘lmasdanoq, u va uning atrofidagilar tomonidan sodir etilgan keskin xatti-harakatlar ortidan Yevropa yetakchilari ikki bor sammit o‘tkazdi. Birinchisi Myunxen konferensiyasida AQSH vitse-prezidenti Jeyms Devid Vens nutqidan so‘ng Makron tashabbusi bilan Parijda yig‘ilgan favqulodda sammit. Keyingisi esa kecha, 2 mart kuni Oq uydagi tarixiy janjaldan so‘ng Londonda tashkillashtirilgan sammitdir. Kecha ana shu sammit doirasida Ukraina yetakchisi Londonda Yevropa liderlari tomonidan kutib olindi va ular navbat bilan uni bag‘riga bosib, qo‘llab-quvvatlashga va’da berdi. London markazidagi Lankaster Housda “Kelajagimizni ta’minlash” deb nomlangan sammitda Ukraina, Fransiya, Germaniya, Daniya, Italiya, Niderlandiya, Norvegiya, Polsha, Ispaniya, Kanada, Finlyandiya, Shvetsiya, Chexiya va Ruminiya yetakchilari hamda Turkiya Tashqi ishlar vaziri Xoqon Fidan ham ishtirok etdi. Shu kuni Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen, Yevropa kengashi raisi Antonio Koshta va NATO Bosh kotibi Mark Ryutte ham stolda edi.
Sammit boshlanishidan oldin yuzlab namoyishchilar Britaniya Bosh vazirining Dauning-stritdagi 10-uyda joylashgan qarorgohi oldida to‘plandi. Ular Ukrainani yoqlab, Rossiya Prezidenti Vladimir Putinga qarshi chiqdi, shuningdek, Ukraina madhiyasini ijro etdi.
Sammitdan keyin uyushtirilgan matbuot anjumanida so‘zga chiqqan Starmer Buyuk Britaniya, Ukraina va Fransiya AQSH ma’muriyatiga taqdim etish uchun tinchlik rejasini ishlab chiqishda qatnashishni “ko‘ngillilar koalitsiyasini” tuzishga va’da berdi.
“Biz bugun tarix chorrahasida turibmiz. Hozir ko‘proq gaplashish vaqti emas - adolatli va mustahkam tinchlik uchun yangi reja atrofida harakat qilish va birlashish vaqti keldi”, dedi Bosh vazir.
Fransiya va Buyuk Britaniyadan tashqari, Starmer mazkur koalitsiyaga a’zo bo‘lgan boshqa davlatlarning nomini aytmadi, ammo har bir davlat ma’lum mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishi va o‘z ulushini oshirish orqali qo‘lidan kelganicha hissa qo‘shishi kerakligini aytdi. Shuningdek, Starmer Buyuk Britaniya 5000 dan ortiq havo hujumidan mudofaa raketalarini sotib olish uchun muzlatilgan Rossiya aktivlari hisobidan 1,6 milliard funt sterlingni Ukrainaga berishini e’lon qildi. U Yevropada mudofaa xarajatlarini umumiy oshirish masalasida ham yakdillikka erishish qiyinligini tan oldi. NATO Bosh kotibi Mark Ryuttega ko‘ra esa, ba’zi Yevropa yetakchilari yig‘ilishda mudofaa xarajatlari bo‘yicha yangi rejalarni alohida aytib o‘tgan, ammo tafsilotlarni ma’lum qilishdan bosh tortgan.
Starmerning qo‘shimcha qilishicha, Londondagi sammitda Yevropa yetakchilari Kiyevga harbiy yordamni saqlab qolish va Moskvaga iqtisodiy bosimni kuchaytirishga kelishib olgan. Ular, shuningdek, Ukraina har qanday tinchlik muzokaralari stolida bo‘lishi kerakligini ta’kidlagan. Hoynahoy Britaniya Bosh vaziri bu gaplari bilan Ar-Riyoddagi AQSH va Rossiya o‘rtasidagi muzokaralar va Trampning “Zelenskiyning tinchlik muzokaralarida qatnashishi ahamiyatsiz” degan bayonotlariga ishora qilgandir. Nima bo‘lgan taqdirda ham Starmer Ukrainani qo‘llash yuzasidan o‘zining dastlabki rejalarini ma’lum ma’noda ochiqladi deyish mumkin. Chunki u “ko‘ngillilar koalitsiyasi” haqida so‘z ochdi. Zarur bo‘lgan taqdirda, Britaniya Ukrainani mudofaa qilish uchun “u yerga etik qo‘yishga va samolyotlarni havoga ko‘tarishga” tayyorligini yana bir bor ta’kidlab, “ko‘ngillilar koalitsiyasi”dagi boshqa davlatlarni ham xuddi shunday qilishga chaqirdi.
Yevrokomissiya rahbaridan jiddiy signal
Londondagi sammit yig‘ilishidan chiqqan Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen esa Yevropa Ukrainani iqtisodiy, energetika va harbiy barqarorlikni o‘z ichiga olgan kuchli holatga keltirishi kerakligini aytdi. U urushdan vayron bo‘lgan mamlakatni Rossiya kabi potensial bosqinchilar uchun hazm bo‘lmaydigan “po‘lat jayra”ga aylantirish uchun Ukrainaga xavfsizlik kafolatlarini berish muhimligini ta’kidladi. Keyin u Yevropa Ittifoqini zudlik bilan qayta qurollantirish va mudofaa xarajatlarini yangi geosiyosiy vaziyatga mos keladigan darajaga ko‘tarish zarurligi haqida gapirdi.
"Biz haqiqatan ham qadam tashlashimiz va "eng yomoniga tayyorgarlik ko‘rishimiz kerak", dedi fon der Lyayen.
Fon der Lyayen 6 mart kuni Bryusselda favqulodda sammit uchun yig‘ilganda Yevropa Ittifoqi rahbarlariga “keng qamrovli” mudofaa rejasini taqdim etishini ham qo‘shimcha qildi.
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy esa Yevropa sammitida hamkorlari bilan Ukraina bo‘yicha “xavfsizlik kafolatlari va adolatli tinchlik shartlari”ni muhokama qilganini aytdi.
“Biz yaqin kelajakda bir qator muhim uchrashuvlar va qarorlar tayyorlayapmiz. Biz barchamiz Yevropada chinakam tinchlik va kafolatlangan xavfsizlik yo‘lida Amerika bilan hamkorlik qilish uchun ishonchli asos yaratish uchun birga ishlayapmiz”, dedi Ukraina rahbari.
Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Yevropa birligi ayni damda juda yuqori darajada va bu uzoq vaqtdan beri kuzatilmagan.
Ammo ko‘hna qit’a davlatlarining birligiga yetarlicha shubhalar bor. Ittifoqning muhim va jiddiy masalalarda, xususan Ukraina masalasida bir yoqadan bosh chiqarishi so‘nggi paytlarda imkonsizdek ko‘rinmoqda. Masalan, yuqorida so‘z borayotgan kechagi o‘sha London sammitida Polsha Bosh vaziri Donald Tusk sammit ishtirokchilari o‘z munozaralarida Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlariga to‘xtalmaganini da’vo qildi. Bosh vazir, shuningdek, Yevropa Ittifoqi yetakchilari o‘rtasida “tartibsizlik hissi” va reja yo‘qligi haqida ham gapirgan. Bu esa yuqoridagi sammit borasida unda qatnashgan boshqa yetakchilar tomonidan aytilgan fikr va tafsilotlarning mutlaqo teskarisidir. Bundan tashqari, Boltiqbo‘yi mamlakatlari sammitga taklif qilinmagan. Ular buni hech qanday tarzda ochiq tanqid qilmadi. Biroq Litva Prezidenti maslahatchisi “Associated Press” agentligiga ular sammitga taklif etilmaganidan norozi ekanliklarini aytgan.