Parij rossiyalik sportchilarning Olimpiadadagi ishtiroki haqida qaror chiqara olmaydi
Olam
−
04 fevral 2023
7505Fransiyaning 2024 yilgi Olimpiya o‘yinlari mezboni sifatidagi maqomi rossiyalik sportchilarning ishtiroki bo‘yicha qaror qabul qilishga imkon bermaydi. Bu haqda bugun, 4 fevral kuni Fransiya tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ann-Kler Lejandr “RTVI” telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
“Biz bo‘lajak Olimpiya o‘yinlariga mezbon davlatmiz, ammo bu maqom bizga Rossiya sportchilarining ishtiroki to‘g‘risida qaror qabul qilishga imkon bermaydi. Bu qaror Xalqaro Olimpiya qo‘mitasida qabul qilinishi kerak. Siz hozirda Xalqaro Olimpiya qo‘mitasida bo‘layotgan muhokamalar haqida eshitgansiz yoki hech bo‘lmaganda munozaralar haqida eshitgansiz. Ko‘ramiz, qanday qaror qabul qilinadi”, degan Fransiya TIV matbuot kotibi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan oy oxirida Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi rossiyalik va belaruslik sportchilarni Parij Olimpiadasida qatnashishini ko‘rib chiqishini ma’lum qilgan edi. Ukraina sport vaziri esa bunga qarshiligini bildirib, agar ular o‘yinlarda qatnashsa, Ukraina olimpiadaga boykot e’lon qilishini aytgan edi. Keyinchalik Polsha, Litva, Latviya va Estoniya sport vazirlari ham Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi qaroriga qarshiligini bildirgan. Biroq qo‘mita sportchilarni o‘yinlarda qatnashish huquqidan mahrum etish orqali ularni jazolash niyatida emasligini, hukumatlarining harakatlari uchun ular javob bermasligi kerakligini aytgan edi.
Alibek Beyjanov
LiveBarchasi