Ukraina Parij Olimpiadasini boykot qilishi mumkin

Sport

image

2024 yili Parijda bo‘lib o‘tadigan Olimpiadada Rossiya va Belarus sportchilari ham ishtirok etsa, Ukraina musobaqani boykot qilishi mumkin. Bu haqda Ukraina sport vaziriga tayanib, BBC xabar berdi.

Qayd etilishicha, Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi 25 yanvar kuni ikki mamlakat sportchilarining Olimpiadada neytral sifatida ishtirok etish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishini e’lon qilgach, Ukraina sport vaziri Vadim Gutsait bunga noroziligini bildirgan. U o‘zining Facebook’dagi rasmiy sahifasida Ukraina sport organlari taqiqni saqlab qolish uchun xalqaro federatsiyalar bilan muloqotni kuchaytirishini va sanksiyalarni davom ettirish uchun keyingi qadamlar ustida ish olib borishini aytgan.

“Bizning pozitsiyamiz o‘zgarmadi. Ukrainada urush bor ekan, Rossiya va Belarus sportchilari xalqaro musobaqalarda qatnashmasligi kerak. Agar bizni eshitishmasa, boykot e’lon qilishimiz va Olimpiadada qatnashishdan bosh tortishimiz mumkinligini ham istisno qilmayman”, dedi Ukraina sport vaziri Vadim Gutsait.

Xalqaro Olimpiya Qo‘mitasi esa o‘tgan yili dunyo sport federatsiyalaridan rossiyalik va belaruslik sportchilarni musobaqalardan chetlashtirishni so‘raganiga qaramay, yaqinda e’lon qilingan bayonotda hech bir sportchi faqat pasporti tufayli musobaqalardan chetlashtirilishi mumkin emasligini aytgan. Qo‘mita raisi Tomas Bax ham sportchilarni hukumatlarining harakatlari uchun jazolamoqchi emasligini aytib o‘tgan.

Shuningdek, Osiyo Olimpiya Kengashi ham Rossiya va Belarus sportchilari bu yilgi Osiyo o‘yinlarida ishtirok etishlari mumkinligini ma’lum qilgan. Xalqaro Paralimpiya qo‘mitasi esa Xalqaro Olimpiya Qo‘mitasi qarorini kutayotganini ta’kidlagan.

“Biz mojaro tugashiga, boshqa odamlarning hayotiga zomin bo‘lmasligiga, sport va siyosatni alohida boshqarishimiz mumkinligiga umid qilamiz”, deydi  Xalqaro Paralimpiya qo‘mitasi prezidenti Endryu Parsons.

Alibek Beyjanov 


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing