40 ga yaqin davlatlar Parij Olimpiadasini boykot qilishi mumkin
Sport
−
03 fevral 2023
16563Avval xabar berganimizdek, Xalqaro Olimpiya Qo‘mitasining rossiyalik va belaruslik sportchilarni Parij Olimpiadasida neytral sifatida qatnashishi yo‘llarini ko‘rib chiqishini e’lon qilgandan so‘ng, Ukraina sport vaziri Vadim Gutsaid agar bu amalga oshsa, Ukraina o‘yinlarni baykot qilishini aytgan edi.
Endilikda esa Polsha sport va turizm vaziri Kamil Bortnichuk jahonning 40 ga yaqin davlatlari keyingi Olimpiada o‘yinlarini boykot qilishi mumkinligini aytdi. Uning izohlari Polsha, Litva, Estoniya va Latviya Xalqaro Olimpiya Qo‘mitasining qarorini birgalikda rad etganidan keyin yangradi. Bu haqda BBC xabar berdi.
Qayd etilishicha, Bortnichuk 10 fevral kuni bo‘lib o‘tadigan yig‘ilish oldidan Xalqaro Olimpiya Qo‘mitasi rejalarini bloklashni qo‘llab-quvvatlash uchun 40 ta davlat, jumladan, Buyuk Britaniya, AQSH va Kanadadan iborat koalitsiya tuzish mumkinligiga ishonishini aytgan.
“Shuni hisobga olib, biz Olimpiada oldidan qiyin qarorlarga duch kelmaymiz deb o‘ylamayman va agar biz O‘yinlarni boykot qilsak, bizning koalitsiya O‘yinlarni o‘tkazishni ma’nosiz qilish uchun etarlicha keng bo‘ladi”, degan Bortnichuk.
Shuningdek, Latviya, Litva, Estoniya va Polsha sport vazirlari Xalqaro olimpiya qo‘mitasining Rossiya va Belarus sportchilarini hatto neytral bayroq ostida ham musobaqalarga qaytarishga qaratilgan har qanday sa’y-harakatlari rad etgan. Ular barcha xalqaro sport tashkilotlari va federatsiyalarini rossiyalik va belaruslik sportchilarni urush tugaguniga qadar xalqaro musobaqalardan chetlashtirishga chaqirishgan.
“Betaraflik pardasi ostida rossiyalik va belaruslik sportchilarni xalqaro sport musobaqalariga qaytarishga urinishlar bu mamlakatlarning siyosiy qarorlari va keng tashviqotini qonuniylashtiradi”, degan vazirlar.
Amerika Qo‘shma Shtatlari esa Rossiya va Belarus sport boshqaruv organlarining xalqaro sport tashkilotlaridagi faoliyatini to‘xtatib qo‘yishni qo‘llab-quvvatlashini hamda har ikki mamlakatda sport tadbirlarini translyatsiya qilishni to‘xtatishga chaqirishini ma’lum qilgan.
O‘z o‘rnida, Xalqaro Olimpiya Qo‘mitasi rossiyalik va belaruslik sportchilarning musobaqaga qaytishi bo‘yicha hali hech qanday muhokama bo‘lmaganini ta’kidlab, Ukraina va boshqa davlatlarni boykot tahdidi oqibatlari haqida ogohlantirgan.
“Ukraina Milliy Olimpiya Qo‘mitasi hozirda ko‘rib chiqayotgan Olimpiada o‘yinlariga boykot e’lon qilish bilan tahdid qilish Olimpiya harakati asoslari va tamoyillariga ziddir. Boykot barcha Milliy Olimpiya Qo‘mitalarini sportchilarni yuborish orqali Olimpiada o‘yinlarida qatnashish majburiyatini qo‘yadigan Olimpiya xartiyasining buzilishidir. Tarix ko‘rsatganidek, avvalgi boykotlar o‘z siyosiy maqsadlariga erishmagan va faqat sportchilarni jazolash uchun xizmat qilgan”, deb yozilgan Xalqaro Olimpiya Qo‘mitasi hujjatida.
Alibek Beyjanov
LiveBarchasi