Parij-2024: O‘zbekistonlik futbolchilar turnirni mag‘lubiyat bilan boshladi
Sport
−
24 iyul
11919Bugun, 24 iyul kuni Fransiya poytaxti Parij shahri mezbonlik qilayotgan Olimpiada o‘yinlarining futbol bahslari start oldi. “S” guruhidan o‘rin olgan O‘zbekiston terma jamoasi 1-turda Ispaniyaga qarshi bahs olib bordi.
Dastlabki daqiqalardanoq Temur Kapadze shogirdlari ustunlikni o‘z qo‘liga olgan bo‘lsa ham, birinchi bo‘lib uchrashuvda hisobni ispanlar ochishga muvaffaq bo‘ldi.
29-daqiqada standart vaziyatdan uzatib berilgan to‘pni, “qizil furiya” a’zosi Pubil “oq bo‘rilar” darvozasiga aniq yo‘llab, hisobni ochdi. 1-taym yakuniga yetayotgan pallada ispaniyalik futbolchilar o‘z jarima maydonchasida O‘zbekiston sardori Eldor Shomurodovga nisbatan qo‘pollik ishlatdi. VAR orqali hakam vaziyatga aniq baho berib, Ispaniya darvozasiga penalti belgiladi. 11 metrlik nuqtadan Shomurodovning o‘zi aniq zarba yo‘llab, hisobdagi muvozanatni tikladi.
2-taymning 57-daqiqasida Abbosbek Fayzullayev jarima maydonchasida ispaniyalik futbolchiga kichik qo‘pollik ishlatdi. Hakam esa Abduvohid Ne’matov darvozasiga penalti belgiladi. 11 metrlik nuqtaga yaqinlashgan ispan futbolchisi aniq zarba yo‘llagan bo‘lsa ham, Ne’matov seyv qilishga muvaffaq bo‘ldi va hisob o‘zgarmadi.
62-daqiqada Ispaniyaning chap qanotdan qilgan hujumi gol bilan yakunlandi. Gomes Ne’matov darvozasini ishg‘ol qildi.
2:1 hisobi uchrashuv oxirigacha o‘zgarmadi va O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasi turnirdagi yurishini mag‘lubiyat bilan boshladi. Ispaniya esa 1-turdayoq 3 ochkoni qo‘lga kiritib, guruh peshqadamiga aylanib oldi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasi guruhdagi navbatdagi o‘yinini 27 iyul kuni o‘tkazadi. O‘sha kuni Kapadze shogirdlariga Misr Olimpiya terma jamoasi raqiblik qiladi.