Parij-2024: Olimpiya shaharchasidagi muammolar bartaraf etilmoqda
Sport
−
29 iyul
4509Parij Olimpiadasida sportchilar uchun oziq-ovqat va transport vositalari ko‘paytirildi. Bu haqda “Le Parisen” xabar berdi.
Ko‘pgina sportchilar, xususan, Buyuk Britaniyadan kelganlar Olimpiya shaharchasidagi oziq-ovqat haqida shikoyat qilgan. Ular oziq-ovqat sifati va mahsulotlar, jumladan, go‘sht va tuxum yetishmasligidan norozi bo‘lgan.
“Tuxum va qovurilgan go‘sht kabi ba’zi oziq-ovqatlar sportchilar orasida eng ko‘p iste’mol qilinadigan mahsulotdir, shuning uchun oziq-ovqat hajmi oshirildi. Masalan, pishirilgan go‘sht ulushi endilikda har bir sportchiga kuniga 900 grammni tashkil etadi”, deyiladi manba xabarida.
Sportchilarning transport borasidagi shikoyatlari ham qayd etilgan. Shu tariqa, janubiy koreyalik olti nafar suzuvchi noqulaylik tufayli Olimpiya shaharchasini tark etgan. Mashg‘ulotlar va musobaqalar joylariga sayohat konditsionersiz avtobuslarda 40 daqiqadan ko‘proq vaqtni olgan.
Tashkiliy qo‘mita bunga javoban harakatni yaxshiroq rejalashtirish uchun ko‘proq xodimlar safarbar etilganini aytdi. Shuningdek, qo‘shimcha avtomobillar va avtobuslar parki taqdim etilgan.