Parij-2024 Olimpiadasining ochilish marosimi o‘tkaziladigan manzil o‘zgarishi mumkin
Sport
−
07 may
6402Parij mezbonlik qiladigan yozgi Olimpiya o‘yinlarining ochilish marosimi tarixda birinchi bo‘lib stadionda o‘tkazilmaydi. Fransiya poytaxtida o‘tkaziladigan marosimda ishtirokchi sportchilarning Sena daryosi bo‘ylab qayiqlarda suzib yurishi va ularni qirg‘oqlardagi 300 ming tomoshabin tomosha qilishi rejalashtirilmoqda, biroq Olimpiada o‘yinlarining ochilish kechasida 45 mingga yaqin politsiyachi safarbar etilishiga qaramay, xavfsizlik bilan bog‘liq xavotirlar paydo bo‘lmoqda. Bu haqda “Daily Mail” nashri xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, Olimpiada tashkilotchilaridan o‘z rejalaridan voz kechib, ochilishni an’anaviy tarzda o‘tkazish so‘ralgan. Ba’zi Olimpiya qo‘mitalari esa o‘z sportchilarini xavfsizlik nuqtai nazaridan ochilish marosimiga borishdan bosh tortishga chaqirmoqda.
Fransiya hukumati terrorga qarshi ogohlantirish darajasini mart oyida Moskvadagi konsert zalida sodir etilgan teraktdan keyingi eng yuqori darajaga ko‘tardi. O‘shandan beri terror guruhlar futbol bo‘yicha Yevropa Chempionlar ligasi chorak finali o‘yinlarida, jumladan Parijda teraktlar uyushtirish bilan tahdid qildi.
Qayd etilishicha, Olimpiada tashkilotchilari ochilish marosimini poytaxtda joylashgan Fransiyaning eng yirik arenasi – “Stad de Frans”ga ko‘chirishi mumkin.
Tashkilotchilar va Xalqaro Olimpiya qo‘mitasining qarori hozircha noma’lum.