Paratlet Kubaro Hakimova kumush medalga sazovor bo‘ldi
Sport
−
30 avgust
2757Fransiyaning Parij shahrida davom etayotgan 2024 yilgi yozgi Paralimpiada o‘yinlarining ayollar o‘rtasidagi yengil atletika bahslarida o‘zbekistonlik sportchi Kubaro Hakimova kumush medalga sazovor bo‘ldi.
Hakimova F41 klassida kechgan yadro uloqtirish bahslarida 10.36 metr natija qayd etdi. Shu tariqa u O‘zbekistonga yana bitta kumush medalni keltirdi. Mazkur yo‘nalishda ishtirok etgan boshqa bir o‘zbekistonlik Madina Muxtorova esa 8.10 metr bilan sakkizinchi bo‘ldi.
Shu bilan O‘zbekiston delegatsiyasi jamg‘argan medallar soni 3 taga yetdi: 2 ta kumush va 1 ta bronza.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq T11 klassida uzunlikka sakrash bahsida ishtirok etayotgan o‘zbekistonlik Asila Mirzayorova dastlabki urinishidayoq 5,22 metr natija qayd etib, ushbu yo‘nalishda Paralimpiya o‘yinlari rekordini o‘rnatgandi. Bundan avvalgi rekord 1996 yilgi Atlanta Paralimpiya o‘yinlarida o‘rnatilgan bo‘lib, ispaniyalik Ortiz 5 metru 7 santimetr natija qayd etgandi.