Parasportchi Olimpiya mash’alasi estafetasida “yurib ketdi” (video)

Texnologiya

image

Fransiyaning Parij shahrida bo‘lib o‘tayotgan 2024 yilgi yozgi Olimpiya o‘yinlari oldidan o‘tkazilgan mash’alani olib o‘tish estafetasida Fransiya paralimpiyachisi Kevin Pett robotlashtirilgan tashqi skelet bilan ilk bor “oyoqqa turdi”. Bu haqda “Daily Mail” xabar berdi.

Wandercraft kompaniyasi tomonidan yaratilgan zamonaviy texnologiya yutug‘i tufayli Kevin Pett o‘z orzusini qisman bo‘lsada ro‘yobga chiqargan. Bu bilan sportchi nafaqat Olimpiya tarixida, balki o‘z hayotida ham eng esda qolarli voqea qatnashchisiga aylangan. Nashrning qayd etishicha, Xalqaro olimpiya qo‘mitasi parasportchini “sportga sadoqat timsoli” deb atagan.

36 yoshli Kevin Pett bundan 25 yil oldin, ya’ni 11 yoshida baxtsiz hodisa sabab falaj bo‘lib qolgan. Endilikda, kompaniya ixtiro qilgan innovatsion texnologiya bilan nafaqat sportchi, balki boshqalar ham harakatlana olishi mumkin. Batareya bilan ishlaydigan ekzoskelet foydalanuvchining oyoqlarini mustaqil qo‘llab-quvvatlaydi, foydalanuvchilarga o‘tirish, turish, aylanib chiqish, zinapoyaga chiqish va notanish bo‘lgan joylarda ham sezgi orqali harakat qilish imkonini beradi. 

Ijtimoiy tarmoqlarda aks etgan videoda tennischi katta quvonch bilan, unga qo‘l silkiyotgan odamlar orasidan o‘tib, mash’alani ko‘targancha yurib borayotganini ko‘rish mumkin. Videoga izoh yozayotgan dunyo bo‘ylab turli millat vakillariga ko‘ra, Kevin o‘z xursandchiligi bilan ularga ilhom bag‘ishlagan.

“Uning harakatlanganini ko‘rib ko‘zlarimga yosh keldi. Texnologiya tezroq yanada rivojlanishini istayman. Yura olmaydigan boshqa odamlar bu innovatsiyaga muhtoj”, deydi ijtimoiy tarmoqda izoh yozganlardan biri.

Sportchi kiygan ushbu texnologiya vositasi 2023 yilning dekabr oyida Nyu-Yorkda rasman taqdim etilgan. Fransiyaning Wandercraft kompaniyasi ixtirochilari hozirda ushbu yurish uchun mo‘ljallangan tashqi uskunani yanada takomillashtirish ustida izlanishlar olib bormoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq hindistonlik talaba inson xayollarini o‘qiydigan qurilma ixtiro qilgandi. Shuningdek, singapurlik olimlar ko‘z yoshi suyuqligi bilan zaryadlanadigan linzalarni ixtiro qilgani haqida xabar berilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Frantsiya Kevin P'ett Wandercraft

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing