"Panturkizm” g‘oyasi bilan atayin bizni, turkiylarni qo‘rqitishdi – Sherzodxon Qudratxo‘ja
Jamiyat
−
05 dekabr 2023
9969Turkiy xalqlarning birlashishiga rahna solish maqsadida boshqalar atay o‘ylab topgan “panturkizm” atamasidan birinchi navbatda turkiy xalqlarning o‘zi qo‘rqdi. Bu haqda O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori Sherzodxon Qudratxo‘jayev bugun, 5 dekabr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan konferensiyadagi nutqida so‘z ochdi.
Gap shundaki, bugun, 5 dekabr kuni Turkiy Davlatlar Tashkiloti (TDT), Turkiy davlatlar geografik kengashi (TDGK) hamda O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti (O‘zJOKU) hamkorligida “Turkiy xalqlar tarixida Turkistonning o‘rni” mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Konferensiyada Turkiya, Qirg‘iziston, Ozarbayjon, Qozog‘iston va O‘zbekistondan olimlar, professor va fan doktorlari ishtirok etdi.
“Bobur, Alisher Navoiy davridan keyin “Buyuk ipak yo‘li” yo‘q bo‘ldi. Temuriylar davlatining parchalanishi, ahilligimizning yo‘qolishi bizni ojiz qildi. Biz 300, balki 400 yilga yaqin uyquga ketdik. Bizda taraqqiyot bo‘lmadi, texnologiyalar bo‘lmadi. Bu juda katta fitnalarga olib keldi. Buni hozirgi Turkiya, Usmoniylar imperiyasi misolida ko‘rishimiz mumkin”, deydi rektor.
U, so‘zida davom etarkan, XIX-XX asr ham Turkistonda og‘ir kechganini, shunday bo‘lsa-da, jadidlar xalqni uyg‘otishga harakat qilgani, ammo bu uzoqqa cho‘zilmaganini urg‘uladi.
“Afsusuki, bolsheviklar hukumati, undan avvalgi chor Rossiyasining parchalanishi, bu yerda bo‘lgan utopiya, sotsializm g‘oyalari bilan bizning xalqlarimiz aldandi. Bizda yana sukunat bo‘ldi”, deydi Qudratxo‘ja.
Uning aytishicha, turkiy xalqlarning ko‘p qismini tashkil etuvchi Turkiston zamini sobiq ittifoq mustamlakasidan qutulsa-da, turkiy xalqlar ancha yilgacha bir-biridan hayiqqan. Turkiy davlatlar kengashi 2009 yilda tashkil etilganiga qaramay, O‘zbekiston 2018 yilgacha bu tashkilotga a’zo bo‘lmagan.
“O‘zbekistonning 1991 yilda mustaqillika erishishi biz uchun quvonarli bo‘ldi. Turkiyaning o‘sha vaqtdagi Prezidenti Turgut O‘zal janobi oliylari O‘zbekistonga birinchi bor kelgani haligacha esimda. U vaqtda bizning Turkiya bilan aloqamiz bo‘lmagan. Internet bo‘lmagan. Hamma taraf devor bo‘lgan. Biz qanchalik bizning so‘zlarimiz, ko‘nglimiz yaqinligini ko‘rdik. Keyin Turkiy davlatlar tashkilotining kengashi tashkil topdi. Lekin afsus, biz turkiylar bir birimizdan hayiqdik. “Panturkizm” degan har xil gaplar bo‘ldi. “Panturkizm”dan biz turkiylar o‘zimiz qo‘rqdik. Lekin bu iborani boshqalar bizga qarshi ishlatish uchun atayin o‘ylab topgandi”, deydi Sherzodxon Qudratxo‘ja.
Ma’lumot uchun, panturkizm yoki turkiylik turkiy xalqlar yashaydigan davlatlarda keng tarqalgan milliy ta’limot bo‘lib, ularning etnik, madaniy va til hamjamiyatiga ko‘ra siyosiy jihatdan mustahkamlanishi zarurligi haqidagi g‘oyalarga asoslanadi. U XIX asrning ikkinchi yarmida shakllangan.
Panturkizm Usmoniy imperiyasi va inqilobdan oldingi Rossiyada milliy ziyolilarning siyosiy harakati sifatida shakllangan va turkiyzabon xalqlarning til, diniy va madaniy hamjamiyatini yaratish g‘oyasiga asoslangan edi.
Panturkistik g‘oyalar va birlashish harakatlari Sovet Ittifoqi parchalanganidan keyin Markaziy Osiyo va boshqa turkiy mamlakatlarda yana ommalashgan.
Panturkizmning salbiy ta’rifi so‘nggi bir necha o‘n yilliklarda G‘arbda hukmronlik qilmoqda. Rossiyada, Rossiya imperiyasi davridan beri panturkizm mafkurasi xavf tug‘diradi va millatchilikni rivojlantiradi, deb hisoblangan.
LiveBarchasi