O‘zbekiston ichki ishlariga tashqaridan aralashuvni qabul qilmaydi – Sherzodxon Qudratxo‘ja
Jamiyat
−
26 Sentabr
9831Avvalroq, Toshkentdagi maktabda sodir bo‘lgan holat yuzasidan Rossiya Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Mariya Zaxarova O‘zbekistondan izoh berishini so‘ragandi. Zaxarovaning O‘zbekiston ichidagi voqeaga “burun suqishi”ga O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy komunikatsiyalar universiteti rektori Sherzodxon Qudratxo‘ja munosabat bildirdi.
“Maktablarda kuch ishlatish mutlaqo mumkin emas. O‘qituvchining o‘quvchiga nisbatan kuch ishlatishiga aslo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Boshqa yurtning mamlakatimiz ichki ishlariga aralashuvi esa mutlaqo va yana bir bor mutlaqo qabul qilinishi mumkin emas”, deydi Sherzodxon Qudratxo‘ja.
U bu ko‘ngilsiz, tor doiradagi, ya’ni mahalliy darajadagi voqeaga millatlararo va tillararo, qandaydir maqsadga xizmat qiluvchi tus berish mutlaqo mumkin emasligini urg‘uladi.
“Ushbu videoni ko‘rib, men ham barcha hamyurtlarimiz kabi juda hayratda qoldim. Buni bilish uchun turli ijtimoiy tarmoqlardagi xabarlarga nazar tashlasangiz yetarli. O‘qituvchining xatti-harakati barchaning g‘azabiga va noroziliklariga sabab bo‘ldi. Mamlakatimizda qaysi tilda gaplashilishidan qat’i nazar barcha fuqarolar teng huquqlidir”, deydi rektor.
U maktabda o‘quvchiga nisbatan kuch ishlatish umuman aqlga sig‘maydigan holat ekanini va bunga qarshi ekanini bildirdi. Shuningdek, Sherzodxon Qudratxo‘ja bu hodisaga huquqiy baho berilishi va aybdorlar albatta, qonun doirasida to‘liq jazolanishiga hech qanday shubha yo‘qligini qo‘shimcha qildi.
“Aslo shubha yo‘qki, O‘zbekiston – mustaqil suveren davlat. Va o‘zining ichki ishlariga tashqaridan aralashuvni qabul qilmaydi.
Bu mening Rossiya tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Mariya Zaxarovaning bayonotiga munosabatimdir. Qolaversa, zikr etilgan davlatning o‘zida ichki hal qilinmagan muammolari yetarlicha”, dedi rektor.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikerining o‘rinbosari Alisher Qodirov Zaxarovaning O‘zbekiston ichidagi voqeaga “burun suqishi”ga munosabat bildirar ekan, “Bizni ichki ishlarimiz haqida bosh qotirguncha muammolarga to‘la o‘zlarining ishlari bilan shug‘ullanishsa to‘g‘ri bo‘lar edi”, degandi.
LiveBarchasi