Pandora hisoboti: Prezident va mashhurlarning maxfiy boyliklari fosh qilindi
Olam
−
04 Oktabr 2021
26624Jurnalist-tergovchilarning xalqaro konsorsiumi (ICIJ) dunyo rahbarlari, ularning sheriklari, amaldorlar va ishbilarmonlarning ofshor sxemalarga jalb qilingani haqidagi Pandora hujjatlarini chop etdi. Tergovga 150 ta ommaviy axborot tashkilotining 600 dan ortiq jurnalistlari jalb qilingan.
Jurnalistlar ikki yil davomida “Pandora arxivi” — 11,9 million maxfiy hujjatlarni o‘rganib chiqqan.
Ta’kidlanishicha, Rossiyaning “Birinchi kanali” bosh direktori Konstantin Ernst ham ofshor kompaniyalarga aloqadorlikda ayblangan. Ernst 2014 yilgi Olimpiadani yoritishni tashkil qilgani uchun unga mukofot sifatida ofshor kompaniyalar orqali eski sovet kinoteatrlarini sotib olish, ularni buzib tashlash va ularning o‘rniga xususiy savdo va turar-joy majmualarini qurish loyihasida ulush berilgan. Ernstning o‘zi bitimga aloqasi borligini tasdiqlagan, lekin bu “2014 yilgi Olimpiya o‘yinlari uchun kompensatsiya” degan ma’lumotni rad etgan. U tergovchilarning boshqa savollariga javob bermagan va “hech qanday qonunbuzarlik qilmaganini” qo‘shimcha qilgan. Ma’lumot o‘rnida, Ernst Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning eng yaxshi imijmeykeri hisoblanadi.
Qayd etilishicha, Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning oilasi 84 ta ofshor kompaniyalar orqali Londonda 694 mln dollarga ko‘chmas mulkka ega bo‘lgan. Shu bilan birga, Prezidentning o‘sha paytda maktab va oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan farzandlari uchun ofshor kompaniyalar ro‘yxatga olingani aytilgan. Ta’kidlanishicha, 2015 yilgi inqirozdan keyin Aliyevlar ko‘chmas mulkini sotayotgan va kompaniyalarini yopayotgan paytda ham, aktivlarning bir qismi, xususan, Londondagi 191 million dollarlik ko‘chmas mulk Prezidentning qaynotasi Orif Pashayev nomiga ro‘yxatga olingan.
Tergovga ko‘ra, Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy davlat rahbari etib saylanguncha biznes sherigi va do‘sti, keyinchalik Prezident yordamchisi bo‘lgan Sergey Shefirga o‘tkazgan ofshor kompaniyalarning ulushidan hali ham foyda ko‘rayotgan bo‘lishi mumkin. Pandora hujjatlarida aytilishicha, sobiq sheriklar kompaniyalari shartnoma tuzgan, unga ko‘ra ofshor Zelenskiyning rafiqasiga tegishli kompaniyaga dividend to‘lashni davom ettirmoqda. Tergovchilarga ko‘ra, Zelenskiy va uning rafiqasi Maltex Multicapital Corp. ning to‘rtdan biriga egalik qilgan. 2019 yilgi saylovoldi kampaniyasi paytida Zelenskiy bu aksiyani Shefirga o‘tkazgan. Bundan tashqari, “Pandora arxivi”dan olingan hujjatlar “saylovlar davomida Zelenskiyga qo‘yilgan ofshor firibgarlik ayblovlarini qisman tasdiqlaydi”. Tergov, shuningdek Zelenskiyning sheriklari ofshor kompaniyalar yordamida 2014-2016 yillarda Londonda uchta kvartira sotib olganini da’vo qilmoqda. Qayd etilishicha, Shefir 3,8 million funt sterlingga (5,1 million dollar) ikkita kvartira, “Kvartal 95” kompaniyasining asoschisi Andrey Yakovlev esa 1,5 million funt sterlingga (2 million dollarga) yana kvartira sotib olgan.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Chexiya Bosh vaziri Andrey Babish o‘zining ofshorlari o‘rtasida o‘tkazilgan 15 million yevroni Fransiyadagi ko‘chmas mulkni sotib olishga ishlatgan. U pul o‘tkazgan ofshorni e’lon qilmagan.
Hujjatlarga ko‘ra, Iordaniya qiroli Abdulloh II butun dunyo bo‘ylab — Kaliforniya, Vashington, Londonda umumiy qiymati 100 million dollarga teng bo‘lgan ko‘plab mulklarga ega.
Ma’lumotlarda ofshor kompaniyalar tarmog‘i orqali qirol Kaliforniya shtatining Malibu sohilida 26 xonali villaga ega bo‘lgani tasdiqlangan. U 2014 yilda 33,5 million dollar hisobiga monarx mulkiga aylangan. 2012 yilda esa u Vashingtonda 13,8 million dollarga uchta kondominium sotib olgan. Ta’kidlanishicha, Yaqin Sharqning eng qashshoq mamlakatlaridan birining qiroli Buyuk Britaniya poytaxtida yettita mulkka ega. Monarxning advokatiga ko‘ra, qirol davlat moliyasini yoki o‘z mamlakatiga xorijiy moliyaviy yordamni hech qanday tarzda suiiste’mol qilmagan.
Ta’kidlanishicha, Buyuk Britaniyaning sobiq Bosh vaziri Toni Bleyr va uning rafiqasi Sheri Bleyr ofshor kompaniyani sotib olish orqali 312 ming funt soliq to‘lovlarini tejashga imkon beradigan qimmatbaho ko‘chmas mulk egalari. Bleyr 1997-2007 yillarda mamlakat Bosh vaziri bo‘lgan. Londonning Merilebon tumanidagi to‘rt qavatli bino 2017 yilda er-xotinning ixtiyoriga o‘tgan, u yerda Sheri Bleyr o‘zining Omnia Consulting firmasini joylashtirgan. Kompaniya 6,5 million funtga sotib olingan. Ushbu bino Bahrayn Sanoat va turizm vaziri Zayid bin Rashid oilasiga tegishli ofshor kompaniyadan xarid qilingan. Er-xotinga ko‘ra, ular haqiqatan ham qonunlarni buzmagan, balki pulni tejashga imkon beradigan bo‘shliqdan foydalangan.
Qayd etilishicha, Lotin Amerikasi davlatlarining kamida 14 rahbari — uchta hozirgi rahbar — Chili Prezidenti Sebastyan Pinera, Dominikan Respublikasi Prezidenti Luis Abinader, Ekvador Prezidenti Gilermo Lasso va 11 ta sobiq rahbarlar offshor sxemalaridan foydalangan.
Shuningdek, aniqlangan ismlar orasida kolumbiyalik qo‘shiqchi Shakira, ispaniyalik qo‘shiqchi Xulio Iglesias va “Real” murabbiyi Karlo Anchelotti kabi ko‘plab mashhur shaxslar bor. Prezident Pinera va qo‘shiqchi Shakira biznes yuritish uchun Panamadagi OMC Group firmasidan foydalangan.
U orqali qo‘shiqchi kamida uchta ofshor kompaniya ochgan, ularni bir necha yillardan buyon Ispaniya soliq xizmati kuzatib keladi. Rasmiylarga ko‘ra, Shakira 14,5 million yevro miqdoridagi soliqni to‘lamaslikka muvaffaq bo‘lgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Anchelotti bilan bog‘liq kompaniyalar ilgari Ispaniya soliq organlari tomonidan o‘tkazilgan tergov markazida bo‘lgan. Ta’kidlanishicha, Anchelotti Britaniya Virjiniya orollaridagi Vapia Limited kompaniyasining yagona benefitsiaridir.
Ta’kidlanishicha, britaniyalik qo‘shiqchi va bastakor Elton Jon Britaniyaning Virjiniya orollarida ro‘yxatdan o‘tgan o‘ndan ortiq kompaniyalarga egalik qiladi, ular orqali turli faoliyatdan tushadigan daromadlar o‘tadi.
Hujjatlarda aytilishicha, “Barselona” bosh murabbiyi bo‘lgan paytlarda Xosep Gvardiolaning 2012 yilgacha Andorra ofshorlarida mablag‘i bo‘lgan, lekin keyin u soliq amnistiyasidan foydalangan.
LiveBarchasi