Tadbirkorlar ofshor orqali halol raqobat qilsa, bu normal holat – Isoqov

Intervyu

image

O‘zbekistondagi puldor biznesmenlar mablag‘ini chetga chiqarib, ofshordagi ichi bo‘sh kompaniyalar bilan investor nomidan O‘zbekistonga kiritish orqali imtiyozlarga ega bo‘lishi  halol tarzda amalga oshsa, hech qanday muammo bo‘lmaydi. Bu haqda joriy yilning 20 may kuni  Moliya vazirligining “Davlat-xususiy sherikligi bo‘yicha xalqaro davra suhbati” doirasida  o‘tkazilgan matbuot anjumanida Moliya vaziri o‘rinbosari Odilbek Isoqov ma’lum qildi. 

QALAMPIR.UZ muxbiri Odilbek Isoqovdan  bugungi kunda investorlar uchun  davlat tomonidan aynan qaysi sohalarda imtiyozlar berilishi ko‘zda tutilayotganini so‘radi.

“Bilasizmi yaqinda bir qarorimiz chiqdi. Bu imtiyozlar asosan soliq va boshlang‘ich to‘lovlarda. Biz bosqichma-bosqich mana shu imtiyozlarni bekor qilib boryapmiz. Maqsadimiz hamma uchun bir xil va teng shart-sharoitlar yaratish. Davlat xususiy sheriklik sohasiga keladigan bo‘lsak, hech qanday imtiyoz yo‘q. Biron bir sohaga alohida volontyorlarimiz yo‘q. Lekin ijtimoiy ob’ektlar bo‘lsa, albatta, davlat byudjetidan to‘lovlar bo‘ladi. Chunki ta’lim, sog‘liqni saqlash sohasi davlatimiz rivojlanishi uchun eng muhim sohalardan biri. Lekin, davlat byudjetidan qanday imtiyozlar bo‘ladi, qanday shart-sharoitlar bo‘ladi, u hamma uchun teng e’lon qilinib, kim eng kam bahoni  bersa, shu tanlanadi. Shu nuqtai nazardan, tanlash jarayonidagi shaffoflik juda ham muhim”, deydi vazir o‘rinbosari. 

Shu o‘rinda muxbir Moliya vaziri o‘rinbosariga O‘zbekistondagi biznesmenlar pulini chetga chiqarib, ofshordagi ichi bo‘sh kompaniyalar bilan investor nomidan qayta mamlakatga kiritishi va bu orqali imtiyozlarga ega bo‘lishi mumkinligini aytib, bunday holatlarga qarshi qanday choralar ko‘rilayotganini so‘radi.

“Ofshor bilan chiqarish bitta O‘zbekistonda emas, Amerikada ham, Yevropa va boshqa mamlakatlarda ham bor. Tender jarayonimiz ikki bosqichdan iborat. Birinchi bosqichda, albatta kvalifikatsiya nuqtai nazardan kim tender jarayonida  qatnashmoqchi bo‘lsa, shularni tanlash jarayoni bo‘ladi. Tanlash jarayonida bu tashkilotning mana shu sohada tajribasining bor-yo‘qligi, shu sohada qilgan ishlari va bir qancha boshqa masalalar ko‘riladi. Albatta, mablag‘ borligi va mablag‘ jalb qilish qobiliyati ham. Shuning uchun biz imkon qadar har bir loyihamizni xalqaro moliya ekspertlari bilan birgalikda qilyapmiz”, deydi u.

Isoqovga ko‘ra, O‘zbekistondagi puldor biznesmenlar mablag‘ini chetga chiqarib, ofshordagi ichi bo‘sh kompaniyalar bilan investor nomidan O‘zbekistonga kiritish orqali imtiyozlarga ega bo‘lishi  halol tarzda amalga oshsa, hech qanday muammo bo‘lmaydi.

“Undan keyin xususiy sektor bilan ishlaganimizda ham reputatsiyasi, nufuzi yuqori bo‘lgan moliyaviy maslahatchilar bilan ishlashga harakat qilamiz. Chunki, hamma narsa qonunimiz doirasida, tender ochiq, raqobat ko‘rinishda bo‘lishi ko‘zda tutilgan. Masalan, kompaniya halol raqobat bilan yutib chiqqan bo‘lsa, bu normal holat. U o‘zimizning O‘zbekistonning tashkiloti bo‘ladimi, xorijda joylashgan O‘zbekistonga tegishli tashkilot bo‘ladimi, agarda halol raqobat qilib yutadigan, tanlash jarayonida hammasi qonun asosida o‘tadigan, halol bo‘lsa, muammo emas”, deydi Odilbek Isoqov.


Maqola muallifi

Teglar

Moliya vaziri ofshor biznesmenlar

Baholaganlar

41

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing