Pandemiya vaqtida bo‘shab qolgan 85 deputatlik o‘rni uchun saylovlar o‘tkaziladi

Jamiyat

image

Koronavirus pandemiyasi davrida Oliy Majlis Qonunchilik palatasida 1 nafar, Senatda 5 nafar, mahalliy kengashlarda 109 nafar, shundan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahar kengashlari bo‘yicha 24 nafar, tuman va shahar kengashlari bo‘yicha 85 nafar deputatlik o‘rinlari turli sabablarga ko‘ra bo‘shab qolgan. Bu haqda Markaziy saylov komissiyasi xabar berdi.

MSKning videokonferensiya shaklida o‘tkazilgan majlisida COVID-19 pandemiyasi davrida bo‘shab qolgan deputatlik o‘rinlariga saylovlarni o‘tkazishda saylovchilar va saylov tashkilotchilari kasallik yuqtirib olmasligi maqsadida saylov tadbirlarini sanitariya-epidemiologik va tibbiy nuqtai nazardan xavfsizlik talablariga to‘la amal qilgan holda o‘tkazish lozim kerakligi ta’kidlangan.

Qayd etilishicha, saylovni o‘tkazish muddatini belgilash haqidagi qaror koronavirusga qarshi kurashish bo‘yicha hududiy (shahar, tuman) maxsus komissiyasi vakillari ishtirokida muhokama qilinib, keyin qabul qilinadi.

Saylovga oid qaror qabul qilinishidan avval ushbu saylov okrugi hududining epidemiologik xaritasi ishlab chiqiladi hamda Maxsus komissiyaning xulosasi olinadi. Epidemiologik holat haqidagi xulosaga ko‘ra, saylovni o‘tkazish maqsadga muvofiq emas, deb topilsa, saylovni o‘tkazish muddatini belgilash epidemiologik osoyishtalik qaror topganidan so‘ng ko‘rib chiqiladi.

Muddatidan oldin ovoz berish saylovga 5 kun qolganida boshlanib, bir kun qolganida yakunlanadi. Saylov byulletenlari dezinfeksiya qilinadi va maxsus kiyimlar bilan himoyalangan holda yetkaziladi.

Ovoz berish binosini dezinfeksiya ishlari ovoz berishgacha va undan so‘ng ham amalga oshiriladi. Ovoz berish binosi dezinfeksiya qilinganidan so‘ng ushbu binoga ovoz berish vaqtigacha kirish taqiqlanadi.

Saylovchilar saylov uchastkasiga tibbiy niqob taqqan holda yetib keladi va saylov binosiga kirishdan oldin uchastka saylov komissiyasi tomonidan berilgan yangi niqobga almashtiradi, ishlatilgan niqobni maxsus idishga tashlaydi. Saylov uchastkasiga kirishda saylovchilarning oraliq masofasi kamida 2 metrni tashkil qilishi shart.

Ovoz berish xonasiga kirgunga qadar saylovchilarning harorati o‘lchanadi. Qo‘llariga dezinfeksiya qiluvchi suyuqlik sepiladi va har biriga tibbiy (vinil, lateks) qo‘lqoplar beriladi. Tana harorati 37 gradusdan yuqori bo‘lgan hamda kasallik alomatlari bo‘lgan saylovchilar ovoz berish binosiga kiritilmaydi.

Saylovchi saylovchilar ro‘yxatiga imzo qo‘yish, saylov byulletenini olish va unga belgi qo‘yishda tibbiy qo‘lqopda bo‘lishi shart.

Markaziy saylov komissiyasi a’zolari va tegishli hududiy komissiyalar raislari, sog‘liqni saqlash, siyosiy partiyalar, hokimliklar mas’ul xodimlari ishtirok etgan videoanjumanda muhokama qilingan qaror bo‘yicha mulohazalar bildirildi.

Pandemiya sharoitida saylovlarni betalafot o‘tkazishga qaratilgan qarorda belgilangan qoidalarga to‘liq rioya etilishi saylovchilarning salomatligini muhofaza qilishga qaratilgan.


Maqola muallifi

Teglar

saylov MSK

Baholaganlar

48

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing