Tramp ham saylovda ovoz berdi
Olam
−
05 noyabr
5096Bugun, 5 noyabr kuni AQSHda bo‘lib o‘tayotgan saylovlarda respublikachilardan mamlakat prezidentligiga nomzod Donald Tramp Florida shtatidagi saylov uchastkasida ovoz berdi. Bu haqda “The Hill” xabar bermoqda.
Nashrga ko‘ra, Trampga uning turmush o‘rtog‘i Melaniya Tramp hamrohlik qilgan. Sobiq prezident oktyabr oyida erta ovoz berishini bildirganiga qaramay, buni saylov kuni amalga oshirishni tanlagan. Ba’zi shtatlarda byulletenlarni sanash va g‘olibni to‘liq aniqlash bir necha kun talab qilishi mumkinligi aytilayotganiga qaramay, Tramp yakuniy natija bugun tunda aniq bo‘lishiga ishonch bildirgan. U shunday vaziyatlarning oldini olish uchun qog‘oz byulletenlardan foydalanish va shaxsni tasdiqlovchi hujjatni talab qilish kerakligini ta’kidlagan.
Nashrning yozishicha, Tramp o‘zining yashash joyi bo‘lgan Florida shtatida g‘olib chiqishi kutilmoqda. Prezidentlik uchun kurash esa aniq emas. Chunki, Tramp va demokratlardan prezidentlikka nomzod, vitse-prezident Kamola Harris saylov natijasini belgilovchi yetti muhim shtatda deyarli teng raqobatlashmoqda.
Ma’lumot uchun, Tramp 2016 yilgi saylovda g‘alaba qozongan, ammo 2020 yilgi saylovda mag‘lub bo‘lgan. Shundan so‘ng, u 2020 yilgi saylovda keng ko‘lamli firibgarlik bo‘lganini da’vo qilib keladi. Ushbu da’volar 2021 yil 6 yanvar kuni Kapitoliyga hujumga olib kelgan bo‘lib, Tramp tarafdorlari Prezident Baydenning g‘alabasini tasdiqlash jarayonini to‘xtatishga harakat qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Demokratik partiyadan mamlakat prezidentligiga nomzod Kamola Harris davlat rahbari lavozimi saylovi uchun pochta orqali oldindan ovoz bergan edi. Shuningdek, uning partiyadoshi va amaldagi Prezidant Jo Bayden ham muddatidan oldin ovoz bergandi. U buning uchun shaxsan saylov uchastkasiga borgan va 40 daqiqa navbat kutib ovoz bergan.
LiveBarchasi