Pandemiya O‘zbekistondagi ko‘chmas mulk va avtomobil bozoriga qanday ta’sir ko‘rsatdi?
Jamiyat
−
19 may 2021
5384Koronavirus pandemiyasi global ko‘chmas mulk va avtomobil bozorlariga sezilarli ta’sir ko‘rsatdi, dunyoning barcha mamlakatlari uning oqibatlarini his qildi, shuningdek, O‘zbekiston ham bundan mustasno emas. Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi mutaxassislari koronavirus pandemiyasining ko‘chmas mulk va avtomobil bozorlariga ta’sirini tahlil qildi.
Ko‘chmas mulk bozori
Koronavirus infeksiyasining tarqalishi bilan bog‘liq karantin cheklovlari joriy etilishidan oldin O‘zbekiston ko‘chmas mulk bozorida talab har oy o‘rtacha 6-7 foizga oshgan. Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi ko‘chmas mulk bozorlarida sotish umumiy bozor hajmining 40-45 foizini tashkil etadi.
O‘tgan yilning aprel oyidan boshlab butun mamlakat bo‘ylab lokdaun joriy etilgan, bu esa ko‘chmas mulkka bo‘lgan talabning 2019 yilning shu davriga nisbatan 87,1 foizga (Toshkent shahrida 94,2 foizga va Toshkent viloyatida 89,8 foizga) kamayishiga olib kelgan.
May-iyun oylarida mamlakatda ko‘chmas mulkni sotib olish va sotish bo‘yicha tugallangan shartnomalar soni mos ravishda 25,9 va 135,2 foizga ko‘tarilgan.
Qisqa vaqt ichida sotuvlar hajmining sezilarli darajada o‘sishi, bir tomondan, may oyidan boshlab karantin choralarini bosqichma-bosqich yumshatish bilan, ikkinchi tomondan doimiy ro‘yxatdan o‘tish tartibini soddalashtirish bilan izohlanadi.
Shuni ta’kidlash kerakki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 22 apreldagi PF-5984-sonli “Doimiy ro‘yxatdan o‘tish va yashash joyida ro‘yxatdan o‘tish tartibini isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi Farmoni qabul qilinishi bilan 2019 yil mos davriga nisbatan ko‘chmas mulkni sotish va sotib olish bo‘yicha tuzilgan shartnomalar sonining o‘sishi Toshkent shahrida 148,7 foizga va Toshkent viloyatida 26,5 foizga, iyun oyida 257,5 foizga va 190,7 foizga yetgan.
Qizig‘i shundaki, o‘sha davrda ko‘chmas mulk savdosining o‘sishi deyarli Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi uylarning narxlariga ta’sir ko‘rsatmagan.
2020 yil sentyabrga kelib, ko‘chmas mulk bozoridagi talab uzoq muddatli tendensiyaga qaytgan. Xususan, sentyabr oyida ko‘chmas mulkni sotib olish va sotish soni o‘tgan oyga nisbatan 24,2 foizga (2019 yilning shu davriga nisbatan 41,7 foizga), oktyabr oyida 1,7 foizga (24,8 foizga), noyabr oyida -0,5 foizga (22,9 foizga) va dekabrda 20,9 foizga (-17,1 foizga) o‘sgan.
Avtomobil bozori
Odatda, Respublikadagi birlamchi va ikkilamchi bozorlarda avtoulovlar savdosining oylik o‘sishi o‘rtacha 2-3 foizni tashkil qiladi.
2020 yil mart oyining o‘rtalaridan boshlab qat’iy karantin choralarini joriy etish natijasida ro‘yxatdan o‘tgan va qayta ro‘yxatdan o‘tgan avtoulovlar soni mart oyida 2019 yilning shu davriga nisbatan 17,3 foizga (o‘tgan oyga nisbatan 34,6 foizga) va aprelda 73,8 foizga (63,1 foizga) kamaygan.
May oyidan boshlab avtomobil bozoridagi vaziyat yana tiklana boshlagan. Xususan, iyun oyida avtomobillar savdosi 2019 yilning shu davriga nisbatan 14,8 foizga o‘sgan. Biroq, 10 iyuldan 15 avgustgacha karantin choralarini qayta joriy etish natijasida iyul oyida avtoulovlar bozoridagi faollik may-iyun oylariga nisbatan bir oz pasaygan.
Xususan, ushbu oyda sotilgan ro‘yxatdan o‘tgan transport vositalarining soni 2019 yil iyul oyiga nisbatan 20,2 foizga kamaygan. Biroq avgust oyida avtomobillar savdosi 2019 yilning shu davriga nisbatan 3,8 foizga o‘sgan (o‘tgan oyga nisbatan 54,3 foizga).
Sentyabr-oktyabr oylarida avtomobil bozoridagi talab ham o‘sishda davom etgan. Sentyabr oyida savdolar oyiga nisbatan 0,5 foizga o‘sgan (2019 yil sentyabrga nisbatan 29,5 foizga o‘sgan). Oktyabr oyida o‘sish sentyabrga nisbatan 2 foizni tashkil etgan (2019 yil oktyabriga nisbatan 19,2 foiz).
Noyabr-dekabr oylarida ushbu ko‘rsatkich o‘tgan oyga nisbatan biroz pasaygan (mos ravishda 1,7 foizva 1,9 foizga). Biroq, 2019 yilning mos davriga nisbatan sotuvlar noyabr oyida 9 foizga, dekabrda 10 foizga oshgan.
Umuman olganda, o‘tgan yilda avtomobillar savdosi 2019 yilga nisbatan 2,5 foizga kamaygan. Bu mart, aprel va iyul oylarida avtoulovlar savdosining keskin pasayishi bilan bog‘liq. Shunga qaramay, 2020 yil avgustga qadar ko‘chmas mulk bozori va avtomobil bozoridagi vaziyat uzoq muddatli tendensiyasiga qaytgan, bu aholi talabining tiklanishidan dalolat beradi.
LiveBarchasi