Pandemiya sharoitida vafot etganlar qanday dafn etiladi?

Bu qiziq

Rasmiy statistikaga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirusdan vafot etganlar 155 nafarni tashkil etmoqda. Ko‘pchilikka ma’lumki, ushbu xastalikdan vafot etganlarning jasadi yaqinlariga berilmayapti, aksincha, to‘g‘ri qabristonga yuborilib, dafn etilmoqda. 

Xo‘sh, pandemiya sharoitida vafot etgan insonlarning dafn marosimlarini qanday o‘tkazish lozim?  Ushbu savolga O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashi a’zosi Mirzamaqsud Alimov javob qaytardi.

“Shuni bilishimiz kerakki, ommaviy dafn marosimlari virus tarqalishi uchun qulay fursatdir. Zinhor dafn marosimlarida ko‘pchilik yig‘ilmasligi lozim. Dafnga kelganlar 1,5 metr masofani saqlashlari kerak. Tibbiy niqob, qo‘lqop taqishlari, antiseptik vositalar bilan qo‘llarini tozalab turishlari kerak. Ko‘rishishlikni esa vaqtinchalik tark etish kerak. 

Mayyit tibbiy xavfsizlik choralari ko‘rilgan holda yuvilishi lozim. Ya’ni g‘assol niqobda va qo‘lqopda bo‘lishi shart. G‘uslda ishlatilgan barcha narsalar yoqib yuborilishi shart. Chelak va boshqa asboblar xlor yoki boshqa vositalari bilan dezinfeksiya qilinishi lozim. Ular 5-6 soat quyosh nurida quritilishi shart. 

Agar mayyit tibbiy xodimlar tomonidan maxsus matolar bilan o‘rab qo‘yilgan bo‘lsa, ularni tibbiy xavfsizlik nuqtayi nazaridan ochish mumkin emas va uni qayta g‘usl qilish shart bo‘lmaydi. Janoza namozi uzog‘i bilan 5-7 daqiqa davom etishi lozim. Janozada sog‘lig‘i zaif, yoshi katta va yosh bolalar ishtirok etmasliklari kerak. Janozada qatnashuvchilar ijtimoiy masofa saqlashlari muhim. 

Agar tibbiyot xodimlari mayyitni qabristonga olib kelishgan bo‘lsa, janoza o‘sha joyda ado etilishi kerak. Dafn marosimi odatdagidek amalga oshiriladi. Unda ham iloji boricha kam odam ishtirok etishi lozim. Dafndan so‘ng esa qabristondan tezda uyga qaytib, poklanish choralarini ko‘rish lozim. 

Ma’rakalarni faqat oila davrasida o‘tkazish lozim”. 


Maqola muallifi

Teglar

dafn marosimi

Baholaganlar

506

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing